Logo

Banklar endi kredit uchun kartalardagi pulni to‘liq yechib ololmaydi

Bugun 12:031 daqiqa

2027-yildan banklar kredit to‘lovlarini avtomatik yechib olishda mijoz kartalarida muayyan miqdorda mablag‘ qoldirishi shart bo‘ladi.

Banklar endi kredit uchun kartalardagi pulni to‘liq yechib ololmaydi

O‘zbekistonda tijorat banklarining kredit va kafillik to‘lovlarini mijozning alohida topshirig‘isiz bank kartalaridan avtomatik yechib olishiga cheklov joriy etiladi. Bu Markaziy bank boshqaruvining qarorida belgilangan.

Qaror bilan bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarda tijorat banklari faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritilmoqda.

Yangi talabga ko‘ra, banklar kredit yoki kafillik to‘lovlarini shartnoma asosida avtomatik undirganda mijozning barcha bank kartalarida jami mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmiga teng mablag‘ni saqlab qolishi kerak. Hozirda bu summa 680 ming so‘mni tashkil etadi. Demak, bank kredit to‘lovini avtomatik yechib olganidan keyin mijozning barcha kartalaridagi jami qoldiq belgilangan miqdordan kam bo‘lmasligi lozim.

Qachon kuchga kiradi?

Markaziy bank qarori rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchga kiradi, ya’ni 2027-yil 10-yanvardan amal qila boshlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank banklardan omonat shartnomalarida iste’molchi huquqlarini cheklovchi shartlarni bartaraf etishni talab qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Banklar endi kredit uchun kartalardagi pulni to‘liq yechib ololmaydi | Vaqt.uz