Logo

Behzod Musayev «Vatandoshlar» jamoat fondi raisi etib tayinlangani rasman tasdiqlandi

Bugun 22:182 daqiqa

U 3-sentabrda Prezidentning tegishli qarori bilan Migratsiya agentligi direktori lavozimidan ozod etilgandi.

Behzod Musayev «Vatandoshlar» jamoat fondi raisi etib tayinlangani rasman tasdiqlandi © Foto: Daryo.uz

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sobiq rahbari Behzod Musayev «Vatandoshlar» jamoat fondi boshqaruv raisi etib tayinlandi. Bu haqdagi ma’lumot tashkilotning rasmiy veb-saytida keltirilgan.

Fond saytining «Rahbariyat» bo‘limida Behzod Anvarovich Musayev boshqaruv raisi sifatida ko‘rsatilgan. Bunga qadar fondga rahbarlik qilgan Odiljon Sattorov endi boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, «Vatandoshlar» jamoat fondi 2021-yilda xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning O‘zbekiston bilan ijtimoiy va madaniy aloqalarini rivojlantirish hamda vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Musayev 2026 yil 3-sentabr kuni Prezidentning tegishli qarori bilan Migratsiya agentligi direktori lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rniga O‘zbekistonning Yaponiyadagi sobiq elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov tayinlangan.

Behzod Musayev 1973 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1995 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, 2004 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini 1995 yilda O‘zbekiston Milliy bankida boshlagan, keyin Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasida turli lavozimlarda ishlagan. 2018 yilda Davlat soliq qo‘mitasi raisi bo‘lgan. Keyinchalik sog‘liqni saqlash vaziri, ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2024 yil sentabridan Migratsiya agentligiga rahbarlik qilgan.

Teglar

Mavzuga oid