Logo

Raqobat qo‘mitasi kredit to‘lovlari bo‘yicha Markaziy bankka taklif yubordi

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ayrim banklarda oylik kredit to‘lovidan ortiqcha o‘tkazilgan mablag‘lar asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirilmay, tranzit hisobvaraqlarda qolib ketmoqda. Buning oqibatida asosiy qarz kamaymay, unga foiz hisoblanishi davom etmoqda.

Raqobat qo‘mitasi kredit to‘lovlari bo‘yicha Markaziy bankka taklif yubordi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Raqobat qo‘mitasi kredit to‘lovlarini hisoblash tartibini iste’molchilar manfaatlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish yuzasidan Markaziy bankka takliflar kiritdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolar murojaatlarida ayrim banklarda oylik to‘lovdan ortiqcha o‘tkazilgan mablag‘lar asosiy qarzni kamaytirishga yo‘naltirilmasdan, tranzit hisobvaraqlarda saqlanib qolayotgani aytilgan. Natijada qarz qoldig‘i kamaymaydi va unga foiz hisoblanishi davom etadi.

Xususan, «O‘zsanoatqurilishbank» va «Hamkorbank» kredit shartnomalarida ortiqcha to‘lovni asosiy qarzga yo‘naltirish majburiyati belgilangan. Biroq qo‘mitaga ko‘ra, amalda bu talab bajarilmayotgan holatlar kuzatilmoqda.

Banklarning mobil ilovalarida ham kredit to‘lovlarini boshqarish imkoniyatlari yetarli emasligi qayd etilgan.

Qo‘mita ortiqcha to‘lov asosiy qarzga yo‘naltirilmasligi va foiz hisoblanishi davom etishini iste’molchilar huquqlariga zid deb baholadi. Shuningdek, bank dasturiy ta’minotidagi nosozliklar mijozning moliyaviy majburiyatlarini oshirmasligi kerakligini ta’kidladi.

Qanday o‘zgarishlar taklif qilindi?

Raqobat qo‘mitasi Markaziy bankka quyidagi takliflarni kiritdi:

— joriy amaliyot va xorijiy tajriba asosida bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid Nizomning ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish tartibini belgilovchi 37-bandi talablarini iste’molchilar manfaatlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish;

— kredit hisob-kitoblari, jumladan, muddatidan oldin to‘lash shartlarini bevosita qonun darajasida, xususan, «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun bilan tartibga solish.

Xorijdagi tajribalarni misol qilib keltirildi

Qayd etilishicha, AQSHning ayrim banklarida mijozlar ilovada «Principal Only» — faqat asosiy qarz uchun belgisini tanlab, ortiqcha mablag‘ni qarzni kamaytirishga yo‘naltirishi mumkin.

Rossiyada iste’mol kreditini muddatidan oldin so‘ndirish uchun qo‘shimcha haq olish nazarda tutilmagan.

Qozog‘istonda esa kreditni muddatidan oldin jarimasiz so‘ndirish mumkin, qisman to‘lovda oylik to‘lovni kamaytirish yoki kredit muddatini qisqartirish imkoniyati mavjud.

Yevropa Ittifoqida muddatidan oldin so‘ndirishda qolgan davrga tegishli foiz va xarajatlarni kamaytirish huquqi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank banklardan omonat shartnomalarida iste’molchi huquqlarini cheklovchi shartlarni bartaraf etishni talab qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Raqobat qo‘mitasi kredit to‘lovlari bo‘yicha Markaziy bankka taklif yubordi | Vaqt.uz