Uzbekistan GTL zavodining IPOsiga xalqaro tashkilotlar qiziqish bildirmoqda
Ayrim yirik xalqaro moliyaviy tashkilotlar GTL zavodining IPOsida ishtirok etish bo‘yicha Davaktiv agentligiga rasman murojaat bilan chiqqan.

«Uzbekistan GTL» zavodini xususiylashtirish jarayoni va aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) bo‘yicha dastlabki bosqichlar boshlandi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov 8-oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi, deya xabar berdi Vaqt.uz muxbiri.
Agentlik rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ayrim yirik xalqaro moliyaviy tashkilotlar GTL zavodining IPOsida ishtirok etish bo‘yicha agentlikka rasman murojaat bilan chiqqan.
«GTL bo‘yicha bizda konsepsiyamiz bor. Xususiylashtirish bosqichi boshlangan. Shu bilan birga, IPO bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Birinchi IPOda ishtirok etish qiziqishini bildirgan yirik xalqaro tashkilotlar ham bor. Ular bizga qachon IPO qilasizlar, biz ham qatnashmoqchimiz, deya murojaat qilishdi. Bu biz uchun yaxshi signal», – dedi agentlik rahbari.
Xususiylashtirish sanasi zavod darhol sotilishini anglatmaydi
Prezidentning 145-sonli qaroriga ko‘ra, 29 ta yirik kompaniya, jumladan Uzbekistan GTL zavodining aksiyalarini 2026 yil ikkinchi choragida savdoga chiqarish ko‘zda tutilgan edi. Sohibjon Murodov ushbu muddat bo‘yicha aniqlik kiritdi.
«Shu muddatda xususiylashtiriladi degani — u o‘sha paytda sotib yuboriladi degani emas. Bu xususiylashtirishga tayyorgarlik va baholash ishlari boshlanishini bildiradi. Hozir korxonaning moliya-xo‘jalik faoliyatini auditdan o‘tkazish va uning iqtisodiyotga ta’sirini tahlil qilish bosqichidamiz», – deya tushuntirdi u.





