«Real Sanjik» 5 yil qamoqda qoladi: apellyatsiya sudi hukm chiqardi
«Real Sanjik» nomi bilan tanilgan Sanjar Karimovning apellyatsiya shikoyati bo‘yicha sud qarori o‘qildi: unga tayinlangan 5 yillik qamoq jazosi o‘zgarishsiz qoldirildi.

«Real Sanjik» nomi bilan tanilgan tadbirkor Sanjar Karimovga nisbatan 8-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sud hukmi o‘qildi. Bu haqda «Daryo» nashri xabar berdi.
Sud hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismi «a» bandi bilan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi aslicha qoldirilgan.
Jinoyat kodeksining 59–61-moddalariga asosan tayinlangan har xil turdagi jazolarni to‘liq qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida, ya’ni 136 million so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 61-moddasiga asosan tayinlangan jazolar alohida-alohida ijro etilishi belgilangan. Hukmning qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirildi va apellyatsiya shikoyatlari qisman qanoatlantirilgan.
Ma’lumot uchun, Sanjar Karimov ijtimoiy tarmoqlarda «Real Sanjik» nomi bilan tanilgan tadbirkor va avtobloger hisoblanadi. U «Finans Invest» KSB rahbari sifatida ham tilga olingan. Unga oid jinoyat ishi Toshkentdagi bir necha voqealar ortidan prokuraturaga yuborilgan materiallar asosida tergov qilingan.
Ishga «Real Sanjik»ning bo‘lajak kelin-kuyov o‘rtasidagi mojaro bilan bog‘liq ishda tilga olinishi ham sabab bo‘lgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi ushbu ish bo‘yicha Shahzod Risqiyevni 9 yilga ozodlikdan mahrum qilganidan so‘ng, Sanjar Karimovning mazkur holatdagi ishtirokiga huquqiy baho berish uchun prokuraturaga xabarnoma yuborgan. Keyinchalik Karimovga nisbatan alohida jinoyat ishi tergov qilingan.
Sudga oshirilgan ishda Sanjar Karimovga Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi — o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, 168-moddasi 4-qismi «a» bandi — firibgarlik hamda 273-moddasi 2-qismi — giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarni sodir etganlik ayblovlari qo‘yilgan. Ishda ikki nafar jabrlanuvchi — Feruza Rahmatullayeva va Shahlo Olimboyeva borligi ma’lum qilingan.
Jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni 2026 yil 10-aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida boshlangan. 1-may kuni sud tergovi yakunlanib, davlat ayblovchisi Sanjar Karimovga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish va BHMning 525 baravari miqdorida jarima tayinlashni so‘ragan.
Muzokaralarda himoya tomoni esa ayblovlarni rad etib, ayrim dalillar, jumladan, uyda o‘tkazilgan tintuv qonuniyligiga e’tiroz bildirgan.
8-may kuni Mirzo Ulug‘bek tuman sudi Sanjar Karimovni yuqoridagi uchta modda bo‘yicha aybdor deb topib, unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish va BHMning 410 baravari miqdorida jarima tayinladi. O‘sha vaqtda 410 BHM 168 million 920 ming so‘mga teng edi. Jazolarni alohida-alohida ijro etish belgilandi.
Sud, shuningdek, jabrlanuvchi Sh.A.ga yetkazilgan moddiy zarar qoplanganini qayd etdi.
Karimov birinchi instansiya sudi hukmidan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati berdi. Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ish qayta ko‘rib chiqila boshladi. Apellyatsiya jarayonida himoya tomoni qator qo‘shimcha dalillarni taqdim etdi va ayblovlarning asosliligiga e’tiroz bildirdi.
Avgust oyida sudlov hay’ati qo‘shimcha dalillarga huquqiy baho berish zarurati tufayli sud tergovini qayta boshladi. Jumladan, himoya tomoni AQSHdan olingan audio yozuv stenogrammasini taqdim etgan va unda Sanjar Karimov bilan jabrlanuvchi maqomidagi Feruza Rahmatullayeva o‘rtasidagi suhbat aks etgani aytilgan.
Sentyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Karimov sud zalidan ozod qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar sudlari bu ma’lumotni rad etib, ish apellyatsiya instansiyasida hali yakuniga yetmaganini bildirgan.
7-oktabr kuni Sanjar Karimov apellyatsiya sudida so‘nggi so‘zini aytdi. U suddan ishni nafaqat qonun, balki vijdon nuqtai nazaridan ham baholashni so‘rab, oilasi bag‘riga qaytishni istashini bildirdi. Shundan so‘ng sud hay’ati hukm chiqarish uchun ishni ko‘rib chiqishni davom ettirdi.





