O‘zbekistondan ketishi mumkin bo‘lgan koreys banki, Tarmoqlardagi o‘lat vahimasi bo‘yicha rasmiy bayonot va Ta’lim va ilm-fan vazirligining yangi vazifalari — 7-oktabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlaydigan yana beshta zavod qurishga qancha summa ketishi aytildi
O‘zbekistonda Xitoy va Janubiy Koreya kompaniyalarining 625 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobiga maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yana beshta yangi zavod quriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va qator viloyatlarni qamrab oluvchi ushbu loyihalar to‘liq ishga tushgach, yiliga 1,9 million tonna chiqindi qayta ishlanib, 635 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va 158 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.
Mazkur tashabbus avvalroq 933 million dollar evaziga boshlangan 6 ta zavod qurilishining ikkinchi bosqichi bo‘lib, ikki bosqichda umumiy qiymati 1 milliard 558 million dollarlik jami 11 ta loyiha amalga oshiriladi. 2027–2028 yillarda bosqichma-bosqich ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur zavodlarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini «O‘zenergosotish» AJ 30 yil davomida kafolatlangan tarzda sotib oladi.
Koreya taraqqiyot banki O‘zbekistondagi filialini sotishni ko‘rib chiqmoqda
Koreya taraqqiyot banki (KDB) o‘zining xorijdagi 25 ta filiali faoliyatini qayta ko‘rib chiqish doirasida O‘zbekistondagi «KDB Uzbekistan» bankini sotishni ko‘rib chiqmoqda. Hozircha ushbu masala yuzasidan yakuniy qaror qabul qilinmagan. Mazkur jarayon doirasida bank ayrim davlatlarda o‘z faoliyatini qisqartirish va o‘sish salohiyati yuqori hududlarda kengaytirishni maqsad qilgan. Ma’lumot o‘rnida, KDB O‘zbekiston bozoriga 2006 yilda kirib kelgan bo‘lib, hozirda bank aksiyalarining 86,32 foiziga egalik qiladi.
Ushbu ehtimoliy sotuv boshqa Janubiy Koreya banklarining O‘zbekistonga faol kirib kelayotgan vaqtiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, hozirda «Shinhan Bank» mamlakatimizda mahalliy sho‘ba kompaniyasini, «Hana Bank» esa o‘z vakolatxonasini ochish ustida ish olib bormoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, agar «KDB Uzbekistan» sotiladigan bo‘lsa, uning ehtimoliy xaridorlari ham aynan O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirayotgan boshqa koreys banklari bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
O‘lat xavfi va chegaralardagi nazorat: O‘zbekistonda vaziyat qanday?
Rossiyaning Irkutsk shahrida o‘lat kasalligi bo‘yicha gumon qilinish holati qayd etilgani haqidagi xabarlar ortidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda vaziyat barqaror ekanini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Irkutskdagi holat yuzasidan olib borilayotgan tekshiruvlar hali o‘latni tasdiqlamagan hamda bemor bilan muloqotda bo‘lganlarda kasallik alomatlari aniqlanmagan, shu sababli aholining xavotirlanishiga hech qanday asos yo‘q.
Mamlakatda o‘ta xavfli yuqumli xastaliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida qat’iy nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, davlat chegaralarini kesib o‘tish joylaridagi 53 ta sanitariya nazorat punkti orqali keluvchilar tibbiy kuzatuvdan o‘tkazilmoqda, shuningdek, hududiy ixtisoslashgan laboratoriyalar zarur barcha diagnostik vositalar va reagentlar bilan to‘liq ta’minlangan.
Prezident yangi Ta’lim va ilm-fan vazirligi oldiga qator vazifalar qo‘ydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarining birlashtirilishi natijasida yangi tashkil etilgan Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyati bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Mazkur o‘zgarishdan asosiy maqsad — bog‘chadan to oliy ta’lim va ilmiy faoliyatgacha bo‘lgan bosqichlar o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, ta’lim hamda ilm-fanning yaxlit tizimini shakllantirish orqali inson kapitalini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishdir. Vazirlik oldiga tizimni yagona yondashuv asosida boshqarish, raqamlashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish vazifalari qo‘yildi.
Taqdimot davomida ta’limning har bir bosqichini takomillashtirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab berildi. Xususan, maktabgacha ta’limda bolalar qobiliyatini erta aniqlash, maktablarda darsliklarni yangilash, baholash tizimini takomillashtirish va ayrim maktablarda ingliz tilida ta’lim berish tajribasini o‘tkazish taklif qilindi. Shuningdek, kasbiy ta’limni amaliyot bilan bog‘lash, oliygohlar mustaqilligini kengaytirish va ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish masalalari muhokama qilindi. Davlat rahbari barcha bosqichlar yagona vertikal sifatida ishlashi, ta’lim sifatini oshirish hamda yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash zarurligini alohida ta’kidladi.





