Logo

Toshkentda kuchli harorat inversiyasi kuzatildi: Havo sifati «sezuvchan guruhlar uchun noqulay» darajaga yetdi

Bugun 21:472 daqiqa

Havo sifatining yomonlashishi hafta oxirigacha davom etishi mumkin.

Toshkentda kuchli harorat inversiyasi kuzatildi: Havo sifati «sezuvchan guruhlar uchun noqulay» darajaga yetdi

Toshkent shahrida 6-oktabr oqshomi va 7-oktabr tongida atmosfera havosining sifati yomonlashib, xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha «sezuvchan guruhlar uchun noqulay» daraja qayd etildi. Bunga shamolning past tezligi va tungi kuchli harorat inversiyasi kabi noqulay meteorologik sharoitlar sabab bo‘lgan. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 6-oktabr kuni kunduzgi soatlarda shaharning katta qismida havo sifati xalqaro indeksga ko‘ra «o‘rtacha» darajada bo‘lgan. Biroq soat 20:00 dan keyin vaziyat o‘zgarib, tunda va ertalab kengroq hududlarda «sezuvchan guruhlar uchun noqulay» holat yuzaga kelgan. Shaharning ayrim hududlarida esa qisqa muddatli «nosog‘lom» daraja ham kuzatilgan.

Qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatkichlar milliy standart bo‘yicha «o‘rtacha» daraja hisoblanishi qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, 6-oktabr soat 17:00 dan 7-oktabr soat 10:00 gacha bo‘lgan kuzatuvlarga ko‘ra, Toshkentda PM2,5-mayda zarrachalarining o‘rtacha miqdori 43,5 mkg/m³, PM10 zarrachalarining o‘rtacha miqdori 97,2 mkg/m³ ni tashkil etgan.

Ushbu davrda AQI bo‘yicha shaharning o‘rtacha ko‘rsatkichi 117 bo‘lib, «sezuvchan guruhlar uchun noqulay» darajaga mos kelgan.

Milliy indeksatsiya bo‘yicha esa PM2,5 «yashil», PM10 «sariq» darajada qayd etilgan. 7-oktabr soat 10:00 da PM10 bo‘yicha shaharning o‘rtacha ko‘rsatkichi «zarg‘aldoq» darajaga ko‘tarilgan.

Ifloslanish sabablari: Meteorologik omillar

Ma’lum qilinishicha, havo sifatining buzilishiga ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishini cheklab qo‘ygan noqulay ob-havo sharoiti bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, shamol tezligining 1 m/s atrofida bo‘lishi hamda tungi kuchli harorat inversiyasi sababli havoning almashinuvi va vertikal aralashishi susaygan.

Vertikal kuzatuvlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, 6-oktabr soat 23:00 dan 7-oktabr soat 08:00 gacha kuchli harorat inversiyasi yuz bergan. Inversiya qatlamidagi harorat farqi 1,8–6,7 °C gacha yetgan. Bunday holatda yerga yaqin sovuq havo ustida nisbatan iliq havo qatlami joylashib qoladi va bu ifloslantiruvchi moddalarning yuqoriga tarqalib ketishiga to‘sqinlik qiladi.

Mutaxassislar bunday holatlar hafta oxirigacha asosan tungi va ertalabki vaqtlarda qisqa muddatli kuzatilishi mumkinligini bildirmoqda.

Ma’lumot uchun, hozir atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.

O‘zbekistonda PM2,5 va PM10 zarrachalari bo‘yicha havo sifatini baholashning milliy indeksatsiya tizimi ishlab chiqilgan. U Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining qo‘shma qarori asosida joriy etilgan.

Teglar

Mavzuga oid