Logo

Besh yilda ikki barobar o‘sish: O‘zbekistonda talabalar soni 1,5 milliondan oshdi

Bugun 11:303 daqiqa

Talabalar soni bir yil davomida 102 mingga o‘sdi. Vaqt.uz talabalar sonining so‘nggi 5 yil yil ichida qanchaga o‘sgani, talaba qizlar uchun qanday imtiyozlar, o‘qituvchi-professorlar sonini tahlil qildi.

Besh yilda ikki barobar o‘sish: O‘zbekistonda talabalar soni 1,5 milliondan oshdi © finance.yahoo.com

2026-yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda talabalar soni 1 million 535 ming nafarga yetdi. Ularning 782 ming 900 nafari ayollar, 752 ming 100 nafari  esa erkaklardan iborat. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan  7,1 foizga ko‘p degani. Ko‘rsatkich oliy ta’lim qamrovi kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

So‘nggi 5 yil natijalari

Oliy ta’lim tizimidagi eng muhim o‘zgarishlaridan biri talabalar sonining so‘nggi besh yilda 2 barobarga ko‘payganidir. 2021 yilda mamlakatimiz oliygohlarida 808 ming nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib bu ko‘rsatkich 1 million 535 ming nafarga yetdi. Boshqacha aytganda, besh yil ichida talabalar soni qariyb 727 ming nafarga oshgan.

1

 Jadval Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

                                               

Eng yuqori o‘sish 2022-2023 va 2023-2024 - o‘quv yillarida kuzatilgan. Xususan, bir yilning o‘zida 233 ming 700 nafarlik o‘sish qayd etilgan. Keyingi yilda esa yana 272 ming 400 nafari talaba bo‘lgan. Umumiy manzara yoshlar oliy ma’lumot olish imkoniyati kengayganini ko‘rsatadi.

Talaba qizlar soni ortdi

Eng qiziq ko‘rsatkichlardan biri, talabalar tarkibidagi gender nisbatidir. Masalan, Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlar soni 782 ming 900 nafarga yetib, yigitlar soni 752 ming 100 nafardan oshdi. Natijada ular orasidagi farq 30 ming 800 ni tashkil qildi. Ayollar umumiy talabalar sonining 54,5 foizini tashkil etib, erkaklar esa 45,5 foizga teng bo‘ldi. Bu esa O‘zbekistonda xotin-qizlarning oliy ta’limga bo‘lgan imkoniyatlari oshib borayotganini tasdiqlaydi.

Talaba qizlar qanday imtiyozlardan foydalanishi mumkin?

Xotin-qizlarning oliy ta’limdagi ulushi ortishida davlat tomonidan belgilangan imtiyozlar muhim o‘rin tutadi. Xususan, ilgari respublika bo‘yicha nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar uchun 2000 ta qo‘shimcha o‘rin ajratilgan edi. 2025-2026-o‘quv yilidan boshlab bu o‘rinlar soni ikki baravar ko‘payib, 4000 mingtaga yetkazildi.

Bundan tashqari, davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba qizlarga 7 yil muddatga foizsiz ta’lim krediti ajratiladi. Bunda ta’lim kreditining yillik 14 foizlik stavkasini davlat to‘lab beradi. Bu imtiyoz faqat kunduzgi ta’lim shaklidagi talaba qizlar uchun amal qiladi. Bu imtiyozlar xotin-qizlarning oliy ta’limga kirish imkoniyatlarini kengaytirib, ta’limda tenglikni ta’minlashga va ularning faol ishtirokini oshirishga xizmat qilmoqda.

Oliy ta’lim muassasalari soni qancha?

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda jami 215 ta oliy ta’lim muassasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 118 tasi davlat, 97 tasi nodavlat oliygohlardan iborat.

2

Jadval Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Hududlar kesimida oliy ta’lim muassasalari va talabalar sonida Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda. Poytaxtda jami 98 ta oliy ta’lim muassasasi joylashgan bo‘lib, bu respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu yerda 579 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, bu esa umumiy talabalar sonining 37,7 foizini tashkil etadi.

Keyingi o‘rinlarda esa Toshkent (19 ta) va Samarqand viloyatlari (14 ta) egalladi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida 11 tadan oliygoh mavjud. Sirdaryoda esa 3 ta oliygoh faoliyat yuritadi. Buni Sirdaryo viloyatida hududning kichikligi, aholi soni nisbatan pastligi hamda yirik universitetlar ko‘proq Toshkent va boshqa yirik viloyatlarda joylashganligi bilan izohlasa bo‘ladi.

Professor-o‘qituvchilar

O‘qituvchilar soni ham ortib bormoqda. Hozir oliy ta’lim tizimida 48 ming 900 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritadi. Shunga qaramay, bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni hali ham yuqoriligicha qolmoqda.

O‘zbekistonda o‘rtacha bir o‘qituvchiga 33 nafardan ortiq talaba to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich rivojlangan mamlakatlar bilan taqqoslaganda ancha yuqori bo‘lib, 1 o‘qituvchi 10-15 nafar talaba bilan ishlaydi. Bu esa ta’lim sifatini yanada oshirish va o‘qituvchilar yuklamasini kamaytirish zarurati borligini ko‘rsatadi.

Oliy ta’lim tizimi ijobiy o‘zgarishlar bilan birga ayrim tizimli masalalar ham saqlanib qolmoqda. Qizlarning faolligi ortishi ijtimoiy jarayonlarning yangilanayotganini ko‘rsatsa, ta’lim jarayonidagi yuklama masalalari ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak.

Eslatib o‘tamiz, abituriyentlar uchun hujjat topshirish jarayoni 5-iyundan 25 -iyungacha davom etadi.

Teglar

Mavzuga oid