
Bino va inshootlar zilzilabardoshligi oshiriladi
Hukumat qarori bilan seysmik faol zonalarda maxsus seysmik himoyalash uskunalari yordamida loyihalashtirishga ustuvorlik beriladigan ob’ektlar turlari tasdiqlanadi.

17-noyabrda “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 727-sonli hukumat qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga ko‘ra, 2025 yil 1-dekabrdan zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1-oktabrga qadar MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalarda maxsus seysmik himoyalash uskunalari yordamida loyihalashtirishga ustuvorlik beriladigan ob’ektlar turlari tasdiqlanadi.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1-fevraldan:
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 15-oktabrdagi 603-son qarori asosida beriladigan zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosa uchun undiriladigan to‘lov miqdori 50 foizga qisqartiriladi;
bir xil seriyali ob’ektlarga ilmiy xulosalar faqat 1 marotaba to‘lov asosida beriladi, qolgan shu turdagi ob’ektlarning loyihalariga ilmiy xulosa berish uchun to‘lov undirilmaydi.
Shuningdek, zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar berish «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimiga integratsiya qilinadi.





