Logo

Bishkekda kutilmagan mehmonlar: SHHT sammitida Amerika vakillarining paydo bo‘lgani OAV e’tiborini tortdi

Bugun 14:554 daqiqa

AQSHning yuqori martabali vakillari — maxsus elchi Serjio Gor hamda senator Stiv Deyns Qirg‘iziston poytaxtiga bordi. Ular rasman Ko‘chmanchilar o‘yinlari bahonasida tashrif buyurib, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari hamda Armaniston bosh vaziri bilan «C5+1» formati va investitsiyaviy hamkorlik yuzasidan alohida muzokaralar o‘tkazdi.

Bishkekda kutilmagan mehmonlar: SHHT sammitida Amerika vakillarining paydo bo‘lgani OAV e’tiborini tortdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Shanxay hamkorlik tashkilotining (SHHT) yubiley sammiti bo‘lib o‘tayotgan paytda, AQSHning ikki yuqori martabali vakili kutilmaganda Bishkekka bordi. Mintaqaviy OAV xabarlariga ko‘ra, 31-avgust kuni Tramp ma’muriyatining maxsus elchisi Serjio Gor hamda AQSHning Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz bilan aloqalarini mustahkamlashning azaliy tarafdori, iste’foga chiqayotgan respublikachi senator Stiv Deyns sammit doirasida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston prezidentlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazgan.

Рисuнок1

Ularning Qirg‘iziston poytaxtiga tashrifiga rasmiy sabab sifatida VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimida qatnashish va amerikalik sportchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadi ko‘rsatilgan.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Gor va Deyns bilan uchrashuvlari yuzasidan berilgan rasmiy ma’lumotlarda tomonlar Vashington bilan ikki tomonlama, xususan, «S5+1» formatidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgani aytiladi.

O‘zbekiston prezidentining rasmiy saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Bishkekka tashrifi doirasida AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor bilan uchrashgan. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalda ro‘yobga chiqarish masalalari ko‘rib chiqilgan.

«S5+1» formati doirasida bo‘lajak tadbirlarga hamda O‘zbekiston-Amerika ishbilarmonlik va investitsiya kengashining navbatdagi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi», — deyiladi xabarda.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, 31-avgust kuni Sadir Japarov «VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etish uchun Qirg‘izistonga kelgan» AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi Serjio Gorni qabul qilgan.

Prezident ma’muriyati axborotiga ko‘ra, uchrashuvda Qirg‘iziston va AQSH munosabatlarini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashilgan. «Markaziy Osiyo — AQSH» (S5+1) formatidagi o‘zaro hamkorlikka alohida urg‘u berilgan. Shu munosabat bilan tomonlar 2027 yilda ushbu format doirasidagi davlat rahbarlarining ikkinchi sammitini o‘tkazish istiqbollarini ham muhokama qilgan.

Rasmiy Dushanbening xabar berishicha, 31-avgust kuni Bishkekda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon AQSH prezidentining Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi Serjio Gor hamda AQSH Senatining Energetika va tabiiy resurslar bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi, respublikachi senator Stiv Deyns bilan uchrashgan. Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik masalalari, xususan, energetika, sanoat va tog‘-kon sohalariga sarmoya jalb qilish uchun qulay muhit yaratish masalalari muhokama qilingan.

Prezident Rahmon Tojikiston mintaqaviy muloqot va hamkorlik uchun muhim platforma sifatida «S5+1» mexanizmining o‘rnini yuqori baholashini ta’kidlagan.

Shuningdek, senator Stiv Deyns Bishkekda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan ham alohida uchrashuv o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi. Armaniston hukumati axborotiga ko‘ra, muzokaralarda kommunikatsiya tarmoqlarini ochish va rivojlantirishda «TRIPP» loyihasining ahamiyatiga urg‘u berilgan. Qolaversa, loyihani amalga oshirish jarayoni va kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashilgan.

Nikol Pashinyan va Stiv Deyns Armaniston hamda AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni turli yo‘nalishlarda yanada kengaytirish zarurligini qayd etgan. Tarqatilgan suratlardan anglash mumkinki, uchrashuvda «TRIPP+» savdo fondi rahbari Konstantin Sokolov ham ishtirok etgan. U avgust oyining boshida Armanistonga qilgan tashrifi chog‘ida ham bosh vazir Pashinyan bilan ko‘rishgan edi.

Ta’kidlash joizki, senator Stiv Deyns AQSH hamda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlari o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishni faol ilgari suruvchi nufuzli amerikalik siyosatchilardan biri hisoblanadi. Shuningdek, u «TRIPP» loyihasining asosiy tarafdorlaridan biri sanaladi.

Senator 7–9-iyul kunlari Ozarboyjonda bo‘lib, prezident Ilhom Aliyev qabulida bo‘lgan. Shuningdek, u Qozog‘iston va Turkmanistonga ham tashrif buyurib, bu davlatlar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.

Рисuнок2

Sir emaski, SHHT faoliyati ma’lum ma’noda Vashingtonning global iqtisodiy ta’sirini susaytirishga ham qaratilgan. 1-sentabr kuni sammit ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan kommyunikeda Qo‘shma Shtatlarning Eronga qarshi olib borayotgan harbiy va iqtisodiy kampaniyasi tanqid qilindi. Hujjatda AQSHning bu harakatlari xalqaro huquq va BMT Nizomi tamoyillarini buzayotgani, qolaversa, global tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdid solayotgani alohida qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, Serjio Gor ayni paytda AQSHning Hindistondagi elchisi vazifasini ham bajaradi. SHHT sammitini yoritgan «India Today» nashri muxbirining yozishicha, uning Bishkekda paydo bo‘lishi ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘lgan. Hindiston nashrining yozishicha, Gorning Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari bilan uchrashuvlari bir paytlar Rossiya ta’sir doirasida bo‘lgan, hozirda esa Xitoyning ortib borayotgan nufuzini his qilayotgan mintaqada Ko‘chmanchilar o‘yinlari ishbilarmonlik diplomatiyasi uchun imkoniyatlar ochganidan dalolat beradi.

Senator Stiv Deynsning safari ko‘p kunlik turneni o‘zida jamladi: u dastlab Yaponiyada, so‘ngra Xitoyda bo‘ldi. Bishkekka esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoyning Guanchjou shahridan uchib keldi. «South China Morning Post» gazetasining yozishicha, prezident Donald Tramp yaqin safdoshining XXRga tashrifi Xitoy rahbari Si Jinpingning Vashingtonga kutilayotgan safariga sanoqli haftalar qolganda amalga oshgan.

So‘nggi yillarda senator Deyns Vashington va Pekin o‘rtasidagi munosabatlarda muhim vositachiga aylanib ulgurdi. May oyida, har ikki tomon munosabatlarni barqarorlashtirishga intilayotgan bir paytda, u Pekinga tashrif buyurdi, o‘sha oyning so‘nggida esa Tramp Xitoy poytaxtiga yo‘l oldi.

Senatorning avgust oyidagi bu safari Vashingtonda o‘tishi rejalashtirilgan ikki yirik davlat sammitining kun tartibini yakuniy shakllantirishga xizmat qilishi kutilgandi. Shunday bo‘lsa-da, hozircha na Deynsning o‘zi va na AQSHning Xitoydagi elchixonasi ushbu tashrif tafsilotlarini oshkor qildi.

Teglar

Mavzuga oid