
BMT Davlat xizmati forumi Samarqandda bo‘lib o‘tadi
11.06.2025 | 11:0045262
2025 yilning 23−25 iyun kunlari Samarqand shahri BMT Davlat xizmati forumiga mezbonlik qiladi. Ushbu nufuzli anjuman «2030 yilga besh yil qoldi: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini jadallashtirish» shiori ostida o‘tkaziladi.
Forum BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UN DESA) hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati hamkorligida tashkil etiladi. Asosiy e’tibor — Davlat xizmatlari va boshqaruv sohasidagi o‘zgarishlarni jadallashtirish orqali BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (SDG) erishish masalalariga qaratiladi.
Tadbir doirasida raqamli transformatsiya, innovatsiyalar va davlat xizmatlarida hamkorlikni rivojlantirish asosiy mavzu sifatida muhokama qilinadi. Ayniqsa, xizmatlardan yetarlicha foydalanolmayotgan aholi qatlamlarini qamrab olish va hech kim chetda qolmasligini ta’minlash masalalariga alohida urg‘u beriladi.
Forum, shuningdek, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash, samaradorlikni oshirish va barqaror tizimlarni yaratish bo‘yicha xalqaro tajriba almashish uchun muhim platforma sifatida xizmat qiladi. Tashkilotchilarga ko‘ra, bugungi kunda innovatsion yondashuvlar va raqamli yechimlar mamlakatlar uchun taraqqiyot imkoniyatlarini kengaytirayotgani tufayli forum muhim ahamiyat kasb etadi.





