add

BMT: «Har kuni 137 nafar ayol-qiz o‘z yaqini qo‘lida halok bo‘lmoqda»

Kecha 15:14642 Daqiqa

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda halok bo‘lgan 83 ming ayol-qizning 60 foizi o‘z turmush o‘rtog‘i yoki qarindoshlari tomonidan o‘ldirilgan — bu har 10 daqiqada bir nafar qotillik degani.

BMT: «Har kuni 137 nafar ayol-qiz o‘z yaqini qo‘lida halok bo‘lmoqda»

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda «BMT-ayollar» tuzilmasi 25-noyabr — Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan dunyo bo‘ylab femitsid darajasini ochiqladi.

Hisobotga ko‘ra, 2024 yilda 83 ming ayol va qiz qasddan o‘ldirilgan, ularning 50 ming nafari — jinoyatchi sifatida aynan o‘z yaqinlari ishtirok etgan holatlardir. Bu ko‘rsatkich har kuni o‘rtacha 137 nafar ayol-qizning o‘z uyida yoki oila muhitida halok bo‘layotganini anglatadi.

Xalqaro majburiyatlarga qaramay, gender asosidagi qotilliklar ko‘p yillar davomida kamaymayapti. Erkaklar o‘rtasida yaqinlari tomonidan o‘ldirish 11 foizini tashkil etsa, ayollar orasida bu ko‘rsatkich besh baravarga yuqori.

«BMT-ayollar» tuzilmasi bo‘limi direktori Sara Xendriksning ta’kidlashicha, femitsid ko‘p hollarda nazorat, tahdid, ta’qib va onlayn zo‘ravonlikdan boshlanadi.

«Har bir ayol va har bir qiz xavfsizlik huquqiga ega. Femitsidlarning oldini olish uchun zo‘ravonlikning onlayn va oflayn ko‘rinishlarini hisobga olgan holda o‘z vaqtida aralashish va qonunlarni qo‘llash kerak», — deydi Xendriks.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, uy ko‘plab ayol va qizlar uchun hanuz xavfli joy bo‘lib qolmoqda. Afrika gender asosidagi qotilliklar bo‘yicha eng yuqori darajani qayd etgan — har 100 ming ayolga 3 ta holat. Keyin Amerika, Okeaniya, Osiyo va Yevropadagi ko‘rsatkichlar joylashgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2025 yil yanvar–avgust oylarida 8 mingga yaqin kishi oilaviy zo‘ravonlik uchun, 1450 nafar shaxs shahvoniy shilqimlik uchun sudlangan. Shu davrda 37 ta nikoh zo‘ravonlik sabab bekor qilingan.

Teglar

Mavzuga oid