
«Boeing» buyurtmalarining ortishi AQSH kompaniyalariga katta foyda keltirdi
«Boeing» buyurtmalari keskin oshishi AQSHning xorijiy davlatlar bilan 244 mlrd dollarlik xorijiy savdo shartnomalari tuzishiga sabab bo‘ldi.

2025 yilda AQSH kompaniyalari AQSH Savdo vazirligi ko‘magida xorijiy davlatlar bilan jami 244 milliard dollarlik davlat xaridlari shartnomalarini imzoladi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan qariyb uch barobarga yuqori bo‘lib, asosiy o‘sish aviasozlik giganti «Boeing» kompaniyasi buyurtmalarining keskin ko‘payishi bilan bog‘liq. Bu haqda Savdo vazirligi tarkibidagi Xalqaro savdo ma’muriyati ma’lum qildi.
Eksport va ish o‘rinlariga ta’sir
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda imzolangan 121 ta shartnoma tarkibida 206 milliard dollarlik AQSH eksporti mavjud bo‘lib, ular taxminan 844 mingta ish o‘rnini yaratadi. Solishtirish uchun, 2024 yilda, ya’ni Jo Bayden ma’muriyatining so‘nggi yilida, bunday shartnomalar hajmi 87 milliard dollarni tashkil etgan. 2021 yilda esa pandemiya davrida bu ko‘rsatkich 17 milliard dollargacha tushib ketgan.
«Boeing» va yirik aviashartnomalar
2025 yilda «Boeing» kompaniyasining toza buyurtmalari 1 075 ta samolyotga yetdi, bu 2024 yildagi 377 ta ko‘rsatkichdan ancha yuqori. Kompaniya so‘nggi yetti yil ichida ilk bor asosiy raqibi «Airbus»ni ortda qoldirdi. «ITA» hisob-kitoblariga ko‘ra, «Boeing» samolyotlari va «GE Aerospace» dvigatellari 2025 yildagi shartnomalarning 215 milliard dollarini tashkil etgan. Eng yirik bitimlardan biri «Qatar Airways» bilan tuzilib, 210 ta «787» va «777X» keng fyuzelyajli samolyotlarni qamrab olgan. Buning qiymati 96 milliard dollarga baholangan.
Savdo siyosati va yangi loyihalar
Shuningdek, 50 milliard dollarlik kelishuv «Korean Air Lines» bilan imzolangan bo‘lib, u AQSH va Janubiy Koreya o‘rtasidagi savdo va investitsiya bitimining bir qismi hisoblanadi. Bundan tashqari, AQSH kompaniyalari 2025 yilda infratuzilma va ta’minot zanjiri sohasida 8,3 milliard dollarlik loyihalarni qo‘lga kiritdi. Xususan, «Wabtec» Qozog‘istonga 300 ta yuk lokomotivi yetkazib berish bo‘yicha 4,2 milliard dollarlik shartnoma imzoladi.
«ITA» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yildagi umumiy hajmga mudofaa sohasida 10 milliard dollar, energetikada 7 milliard dollar va texnologiyalar, jumladan sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va fintex sohalarida 3,4 milliard dollarlik shartnomalar ham kirgan.





