Logo

Toshkentda jamoat transportida narxlar oshishi mumkin

Bugun 20:004 daqiqa

Xo‘sh, bunga jamoat transporti foydalanuvchilarining munosabati qanday? Mutasaddilar esa narx oshishiga asosiy sabab sifatida nimani ko‘rsatyapti? Vaqt.uz ushbu savollarga javob olish maqsadida har ikki tomonga mikrofon tutdi.

1-oktabrdan avtobus va metro uchun yo‘l haqi elektron to‘lovda 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirilishi taklif etilyapti. Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori loyihasi 19-sentabrga qadar muhokama uchun joylashtirilgan. Ya’ni, birdaniga to‘lov 47 foizga ko‘tarilishi mumkin.

Jamoat transportida yo‘lkira tariflarining qayta ko‘rib chiqilishi yuzasidan o‘tkazilgan so‘rovnomada poytaxt aholisining fikri ikkiga bo‘lindi. Respondentlarning yarmi bu qarorni iqtisodiy zarurat sifatida qabul qilyapti. Ularning ta’kidlashicha, yonilg‘i va ish haqi oshishi barobarida yangi avtobuslar olib kelinib, harakat intervallari qisqartirilsa, bu narx oshishini oqlaydi.

Aholining qolgan qismi, ayniqsa, ko‘p farzandli oilalar va talabalar 47 foizlik o‘sishni juda qimmat deb baholab, ular narxlarni birdaniga emas, balki 10–20 foizdan bosqichma-bosqich oshirishni taklif qilyapti. Shuningdek, yo‘lovchilar narx ko‘tarilishiga parallel ravishda avtobuslarning kechikmasdan kelishi va almashtirib chiqish (peresadka) tizimining qulayligi ta’minlanishi shartligini gapirdi.

Bir yo‘lovchini tashish tannarxi 

Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Abdullayevga ko‘ra, aholi tomonidan metro va avtobusga to‘lanadigan 1700 so‘m aslida xarajatning atigi to‘rtdan bir qismini qoplaydi. Xo‘sh, bir yo‘lovchini tashishning haqiqiy tannarxi qancha va davlat har bir safar uchun qancha subsidiya to‘lamoqda?

«Poytaxtda 2023-yilda belgilangan elektron yo‘lkira tarifini 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirish rejalashtirilmoqda. Ushbu taklifni ishlab chiqishda Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi hamda poytaxt hokimligi mas’ullari tomonidan xorij, xususan, MDH mamlakatlari tajribasi chuqur o‘rganildi.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda poytaxt avtobuslarida bir yo‘lovchini tashish tannarxi 5500 so‘mdan oshib ketgan. Amalda bu xarajatlarning 70–75 foizi mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplanyapti. Shu bois, xarajatlar va daromadlar mutanosibligini ta’minlash maqsadida elektron to‘lov tarifini 2500 so‘m etib belgilash taklif etildi», — deydi u.

Yo‘lkirani bosqichma-bosqich oshirish mumkinmi?

Muloqot davomida aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini ham mas’ulga taqdim etib, unda aholi yo‘lkira haqini bunday keskin emas, balki bosqichma-bosqich oshirish taklifini ilgari surganini aytdik. Biroq mutasaddining ta’kidlashicha, uch yillik jamlangan inflatsiya va texnik omillar sabab aynan ushbu qarorga kelingan.

«Ijtimoiy tarmoqlardagi aholi e’tirozlari mas’ullar tomonidan o‘rganildi. Yo‘lkira tarifi 2023-yildan buyon o‘zgarmagani va faqat 2026-yilning to‘rtinchi choragiga kelib qayta ko‘rilayotgani bejiz emas. O‘tgan uch yil davomida ish haqi, ehtiyot qismlar va yonilg‘i narxi bosqichma-bosqich oshib bordi.

Jamoat transporti ijtimoiy soha bo‘lgani bois narxlarni har yili yoki har necha oyda oshirish maqsadga muvofiq emas. Shu sababli, uch yillik jamlangan xarajatlar hisobga olinib, yagona qayta hisob-kitob qilindi. Narxlarni tez-tez o‘zgartirish esa aholi o‘rtasida tushunmovchiliklar keltirib chiqarishi mumkin», — deydi Shuhrat Abdullayev.

 Tariflar oshishi yo‘lovchilarga qanday qulayliklar beradi?

Mas’ulning aytishicha, yo‘l haqi tariflaridan tushadigan qo‘shimcha mablag‘lar Toshkentda jamoat transporti parkini yangilashga yo‘naltiriladi. Rejaga ko‘ra, 2027-yilning birinchi choragiga qadar poytaxtga 400 ga yaqin zamonaviy, tezkor va ekologik toza elektrobuslar olib kelinadi. Bu esa yo‘nalishlardagi oraliq intervallarni 2–3 daqiqaga qisqartirish imkonini beradi.

Shuningdek, yangi jamoat transport vositalari zamonaviy iqlim nazorati (konditsioner) tizimi, bekatlarni avtomatik e’lon qilish hamda to‘liq raqamlashtirilgan axborot panellari bilan jihozlanib, yo‘lovchilarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatiladi.

Avtobus «quyonlari»

Transport nazorati inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Firdavs Xayriddinovga ko‘ra, tariflar oshishi bilan birga, yo‘l haqini to‘lamasdan yuruvchilarga nisbatan nazorat ham keskin kuchaytiriladi. Hukumat qarori bilan avtobusga chiqishi bilanoq to‘lov qilmaganlar rasman chiptasiz yo‘lovchi deb topiladi va reydlarda ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2026-yilning 1-yanvaridan 15-sentabrgacha bo‘lgan holatga ko‘ra, 102 mingta yo‘l haqini to‘lamagan chiptasizlarga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilgan va huquqbuzarlardan 2,5 milliard so‘mga yaqin pul undirilgan.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 276-sonli qaroriga muvofiq, chiptasiz yurganlik uchun jarima miqdorini oshirish taklifi ilgari surilgan. Hozir amalda bo‘lgan jarima summasi 44 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Yangi taklifga ko‘ra, chiptasiz yo‘lovchilar uchun jarima miqdorini 220 ming so‘mgacha oshishi mumkin.

Metropoliten ortib borayotgan yo‘lovchilar oqimini qabul qilishga qanchalik tayyor?

14-sentabr kuni barcha oliy o‘quv yurtlarida darslar boshlanishi munosabati bilan metroda rekord yangilandi. Bir kunda yerosti transportidan 1 million 165 mingdan ziyod yo‘lovchi foydalandi. Xo‘sh, metropoliten bunday ulkan oqimni qarshilashga va sifatli xizmat ko‘rsatishga qanchalik tayyor edi?

Metropoliten matbuot xizmati rahbariga ko‘ra, 2026-yilda xarid qilinishi rejalashtirilgan 14 ta zamonaviy, to‘rt vagonli poyezdning barchasi o‘quv yili boshlanguniga qadar metro parkiga olib kelingan. Ularning asosiy qismi yerusti halqa yo‘nalishiga jalb qilindi.

Shuningdek, tig‘iz vaqtlarda poyezdlar harakat intervali qisqartirilgan. Chilonzor yo‘nalishida 1,5–2 daqiqa, O‘zbekiston yo‘nalishida 3 daqiqa, Yunusobod yo‘nalishida 4 daqiqa, yerusti halqa yo‘nalishida esa 7–8 daqiqalik interval yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, yo‘lovchilar oqimini samarali boshqarish uchun 50 ta bekatda tig‘iz vaqtlarda metropoliten rahbariyati navbatchiligi tashkil etilgan.

Asosiy vazifa sifatida esa metro yo‘nalishlarini yanada kengaytirish hamda 2030-yilga borib kunlik yo‘lovchi oqimini 1 million 800 mingga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 71

Barchasi

Mavzuga oid