Logo

Makkaga dron hujumi: O‘zbekiston Saudiya bilan birdamligini bildirdi

Bugun 21:302 daqiqa

Saudiya Arabistoni havo mudofaa tizimlari muqaddas Makka shahriga yo‘naltirilgan uchuvchisiz qurilmani urib tushirdi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu hujum urinishini keskin qoraladi.

Makkaga dron hujumi: O‘zbekiston Saudiya bilan birdamligini bildirdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistonining Makka shahriga yo‘naltirilgan drondan foydalanilgan hujumga urinishni qat’iyan qoraladi. Vazirlik Saudiya Arabistoni bilan to‘liq birdamligini bildirib, muqaddas qadamjolar, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga tahdid soluvchi har qanday harakatni nomaqbul deb atadi.

Tashqi ishlar vazirligi barcha tomonlarni maksimal darajada vazminlik ko‘rsatishga, xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qilishga, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston keskinlikni kamaytirish va mojaroning yanada tarqalishining oldini olishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Hujum tafsilotlari

Avvalroq Saudiya Arabistoni havo mudofaasi muqaddas Makka shahri tomon uchirilgan uchuvchisiz qurilmani yo‘q qilgani xabar qilingan edi. Saudiya boshchiligidagi harbiy koalitsiya vakili Turki al-Malki dron husiylarga tegishli bo‘lganini aytdi. Husiylar esa Makka nishonga olinganini rad etib, bu bayonotni yolg‘on deb atadi.

«Reyters» xabariga ko‘ra, dron muqaddas shahar ustidagi taqiqlangan havo hududiga kirishidan oldin yo‘q qilingan. Turki al-Malki buni husiylarning 2017 yildan buyon Makkani nishonga olishga bo‘lgan ikkinchi urinishi sifatida baholagan.

Saudiya 15-sentabr kuni Makka uchun keng qamrovli xavfsizlik ogohlantirishlarini e’lon qilgan.

So‘nggi kunlarda husiylar Saudiya hududidagi ayrim harbiy va energetika obyektlariga hujumlar uyushtirdi. Ular bu hujumlar Yamanga qilingan havo zarbalariga javoban amalga oshirilganini bildirgan.

14-sentabr kuni Saudiyadagi havo bazasiga qilingan hujumda 13 nafar tinch aholi vakili yaralangan.

Teglar

Mavzuga oid