O‘qituvchilar uchun uzoq kutilgan imtiyoz, 157 mln yevroga olinayotgan «Škoda» poyezdlari va Toshkentdagi uy-joy narxlari — 18-sentabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Ekspertlar O‘zbekistonda YAIM va maoshlar bo‘yicha yangi prognozlarni e’lon qildi
O‘zbekiston Markaziy bankining moliya bozori ekspertlari o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovi natijalariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti kutilganidan tezroq rivojlanishi taxmin qilinmoqda. Xususan, joriy yilda real YAIM o‘sishi 6,9 foizni (avvalgi prognoz 6,7 foiz), kelgusi yilda esa 6,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Shuningdek, nominal ish haqining o‘sishi bu yil 13,5 foiz, kelasi yili esa 13,3 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Shu bilan birga, inflatsiya va asosiy stavka bo‘yicha kutilmalar barqarorlashgan. Ekspertlarning 80 foizi navbatdagi yig‘ilishda asosiy stavka 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qolishini, kelgusi 12 oyda esa 13,1 foizga tushishini kutmoqda. Kelgusi bir yil uchun inflyatsion kutilmalar 6,6 foiz etib belgilangan bo‘lib, mutaxassislarning 51 foizi 5 foizlik maqsadli inflatsiya ko‘rsatkichiga 2027–2028 yillarda erishilishini ta’kidlagan.
O‘zbekiston 157 mln yevroga 10 ta «Škoda» elektropoyezdini sotib oladi
O‘zbekistonda 1983–1987 yillarda ishlab chiqarilgan eski tarkiblarni yangilash maqsadida Chexiyaning «Škoda Transportation» kompaniyasidan 157 mln yevro evaziga 10 ta «ŠKODA 25Ev» elektropoyezdini xarid qilish rejalashtirilmoqda. To‘rt vagonli va 432 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu poyezdlar soatiga 160 km tezlikka chiqa oladi hamda iqlim nazorati, Wi-Fi, videokuzatuv va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus joylar bilan jihozlanadi.
Yangi poyezdlar Toshkent viloyati, Farg‘ona vodiysi, Samarqand, Buxoro va Qarshi mintaqalaridagi jami 7 ta yo‘nalishda harakatlanib, kuniga 32–40 ming nafar (2030 yilga borib yiliga 23,5 mln) yo‘lovchi tashishi kutilmoqda. Chipta narxlari masofaga qarab 10 ming so‘mdan 30 ming so‘mgacha etib belgilanishi, tarifning haqiqiy xarajatni qoplamaydigan qismi esa davlat tomonidan qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.
Toshkent va viloyatlarda uy-joyning o‘rtacha bozor narxlari e’lon qilindi
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tomonidan 1-sentabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonning 12 ta yirik aglomeratsiyasidagi 35 ta shahar va tumanda ko‘chmas mulk obyektlarining o‘rtacha bozor narxlari ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarning 1 kvadrat metri uchun eng yuqori narx Toshkentning Shayxontohur (25,3 mln so‘m) va Mirobod (23,2 mln so‘m) tumanlarida qayd etilgan bo‘lsa, poytaxt bo‘yicha eng arzon ko‘rsatkich Yangihayot tumaniga (11 mln so‘m) to‘g‘ri keladi. Hududlar orasida esa kvartiralarning eng qimmat o‘rtacha narxi Samarqand shahrida (11,8 mln so‘m/m²), eng arzoni Farg‘onaning Quvasoy shahrida (4,5 mln so‘m/m²) kuzatilgan.
Toshkent iqtisodiyoti 2026 yilning birinchi yarmida 13,3 foizga o‘sdi
2026 yilning yanvar–iyun oylarida Toshkent shahri iqtisodiyoti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,3 foizga o‘sib, 226 trillion so‘mni (taxminan 19,2 mlrd dollar) tashkil etdi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxt mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YAIM) 21,1 foizini ta’minlab, milliy iqtisodiyotga hissa qo‘shish bo‘yicha hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan.
Poytaxt iqtisodiyotining asosiy drayveri xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lib, uning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 67,9 foizga (153,5 trln so‘m) yetgan. Keyingi o‘rinlarni sanoat (20,1 foiz yoki 45,4 trln so‘m) va qurilish (12 foiz yoki 27,1 trln so‘m) tarmoqlari egallagan. Xususan, ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi bo‘yicha (274,4 trln so‘m) Toshkent ikkinchi o‘rindagi Samarqand viloyatidan (47,3 trln so‘m) sezilarli darajada oldinda bormoqda va bu shaharning moliya, IT va savdo markazi sifatidagi maqomini mustahkamlamoqda.
Bir yil kutilgan imtiyoz: pedagoglar farzandlari kontraktiga 30 foiz chegirma tasdiqlandi
Hukumatning 17-sentabrdagi qarori bilan 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab pedagoglarning davlat oliy ta’lim muassasalarida bakalavriatning kunduzgi bo‘limida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan farzandlari uchun kontrakt summasiga 30 foiz chegirma berish tartibi rasman tasdiqlandi.
Agar oilada bir nechta farzand talaba bo‘lsa, imtiyoz har biriga alohida qo‘llaniladi va uni olish uchun kontrakt.edu.uz tizimi orqali yuborilgan ariza «Raqamli hukumat» tizimi orqali tasdiqlanib, ikki ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu imtiyoz dastlab 2025 yil 15-sentabrda davlat rahbari tomonidan e’lon qilingan va 2026 yil yanvaridan kuchga kirishi va’da qilingan edi.





