O‘zbekiston Markaziy banki Singapur bilan oltin zaxiralarini saqlash masalasini muhokama qildi
Markaziy bank zaxiralar tarkibini aktivlar sinflari, valutalar va kontragentlar bo‘yicha kengaytirish, shuningdek, portfelning bir qismini tashqi boshqaruvga o‘tkazishga o‘tishni rejalashtirmoqda.
© Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva18-sentabr kuni O‘zbekiston Markaziy banki va Singapur Monetar boshqarmasi (MAS) vakillari xalqaro zaxiralarni boshqarish masalalari bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar zaxiralarni boshqarish bilan bog‘liq operatsion jarayonlar, jumladan, oltinni saqlash va naqd pul emissiyasi masalalarini muhokama qilgan.

cbu.uz
Uchrashuvda Singapur tomoni investitsiya portfelini boshqarish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashgan. Xususan, zaxiralarni boshqarishdagi «middle-office» va «back-office» funksiyalarini tashkil etish masalalari tushuntirilgan.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar zaxiralarni boshqarish, operatsion jarayonlarni samarali tashkil etish, naqd pul emissiyasi va oltinni saqlash yo‘nalishlarida tajriba almashish muhimligini qayd etgan.
O‘zbekiston oltin zaxiralarini boshqarishni muhokama qilmoqda
Bu uchrashuv Toshkentda o‘tkazilayotgan Xalqaro davlat aktivlarini boshqarish forumi — IPAM 2026 doirasida bo‘lib o‘tdi. Forumda xalqaro zaxiralarni boshqarish, investitsiya portfelini diversifikatsiya qilish, risklarni boshqarish va oltinning zaxiralardagi roli muhokama qilinmoqda.
18-sentabr kuni Markaziy bank Citibank vakillari bilan ham xalqaro zaxiralarni boshqarish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazgan. Unda oltin-valuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish, aktivlar tarkibini optimallashtirish, risklar va operatsion xarajatlarni kamaytirish masalalari muhokama qilingan.
Shuningdek, tomonlar jahon markaziy banklari zaxiralarida oltinning roli ortib borayotgani sharoitida oltin zaxiralarini boshqarish bo‘yicha yondashuvlar yuzasidan fikr almashgan.
Imho: Markaziy bankning Singapur tomoni bilan uchrashuvi O‘zbekiston oltinini Singapurda saqlash bo‘yicha kelishuv tuzilganini anglatmaydi. Rasmiy xabarda hozircha faqat oltinni saqlash bo‘yicha tajriba almashish va bu yo‘nalishni muhokama qilish haqida so‘z boradi.




