Logo

Xitoy oldinga chiqyaptimi yoki Rossiya chekinyaptimi? Markaziy Osiyoda kuchlar nisbati

Pekinning investitsiyalardagi yetakchiligi Rossiyaning mintaqadagi mavqeini zaiflashtirmaydi. Xitoyning Markaziy Osiyodagi investitsiyalari $35 milliarddan oshgan. Rossiyaning investitsiyalari esa qariyb $20 milliardni tashkil etadi. Bugun Xitoy mintaqaga eng ko‘p mablag‘ kiritayotgan davlat bo‘lsa, Moskva transport yo‘laklari, mehnat migratsiyasi va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlik orqali o‘z ta’sirini saqlab qolmoqda.

Xitoy oldinga chiqyaptimi yoki Rossiya chekinyaptimi? Markaziy Osiyoda kuchlar nisbati © AP

Markaziy Osiyoning investitsiya xaritasida o‘zgarish yuz berdi. Yevroosiyo taraqqiyot bankining (YeOTB) yangi tahliliy ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Rossiyani ortda qoldirib, mintaqaning eng yirik xorijiy investoriga aylandi.

Xitoyning Markaziy Osiyodagi investitsiyalari $35 milliarddan oshgan. Rossiyaning investitsiyalari esa qariyb $20 milliardni tashkil etadi. Bugun Xitoy mintaqaga eng ko‘p mablag‘ kiritayotgan davlat bo‘lsa, Rossiya transport yo‘laklari, mehnat migratsiyasi va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlik orqali o‘z ta’sirini saqlab qolmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari esa Moskva va Pekin bilan munosabatlarda muvozanatni saqlashga, har ikki tomondan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga harakat qilmoqda.

Xitoy va Rossiya nimalarga pul tikmoqda?

Xitoy, asosan, «Bir makon – bir yo‘l» tashabbusi doirasida yirik transport va logistika loyihalariga sarmoya kiritmoqda. Mintaqada Xitoy pullarini eng ko‘p jalb qilayotgan davlat esa Qozog‘iston. Iqtisod fanlari doktori, professor, Rossiya Fanlar akademiyasi huzuridagi Yevroosiyo tadqiqotlari markazi yetakchi ilmiy xodimi Igor Filkevich Qozog‘iston mintaqada tobora muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, Qozog‘iston endi faqat tranzit hudud emas, balki Markaziy Osiyoning muhim investitsiya va siyosiy markaziga aylanmoqda.

Xitoyning Markaziy Osiyodagi investitsiyalarining qariyb 90 foizi uch davlat hissasiga to‘g‘ri keladi:

Qozog‘iston — 32 foiz;
O‘zbekiston — 30 foiz;
Turkmaniston — 27 foiz;
Tojikiston — 6 foiz;
Qirg‘iziston — 5 foiz.

Rossiya esa ko‘proq uzoq muddatli va strategik loyihalarga e’tibor qaratmoqda. Jumladan, neft-gaz, atom energetikasi, sanoat va mashinasozlik sohalariga sarmoya kiritmoqda. Moskva, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) doirasidagi hamkorlikka tayanmoqda. Ittifoqqa kiruvchi davlatlarda qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari va korxonalar tashkil etilmoqda.

Ekspertning fikricha, Xitoy va Rossiyaning mintaqadagi iqtisodiy imkoniyatlari bir-biriga to‘sqinlik qilmaydi. Aksincha, Xitoyning infratuzilmaga kiritayotgan pullari Rossiyaning iqtisodiy manfaatlarini ham to‘ldirishi mumkin.

Urush va sanksiyalar Rossiyaning imkoniyatlarini chekladimi?

Rossiyaning Ukrainadagi urushi va unga qarshi kiritilgan sanksiyalar Moskvaning Markaziy Osiyoga sarmoya kiritish imkoniyatlarini kamaytirdimi? Filkevichning aytishicha, sanksiyalar logistika va pul o‘tkazmalarida ayrim qiyinchiliklarni keltirib chiqargan bo‘lishi mumkin. Ammo Rossiyaning yirik loyihalarga kiritadigan mablag‘lari qisqa muddatli emas, balki uzoq yillarga mo‘ljallangan.

«Yirik infratuzilma, energetika va ishlab chiqarish loyihalari o‘nlab yillarga mo‘ljallab rejalashtiriladi. Shuning uchun urush sabab Rossiyaning mintaqaga ajratadigan mablag‘i kamaydi yoki u investitsiya kiritishni to‘xtatdi, deyish noto‘g‘ri. Avval boshlangan dasturlar moliyalashtirilishda davom etmoqda va ilgari olingan majburiyatlar bajarilmoqda», — dedi Filkevich.

Uning fikricha, Rossiya biznesining Markaziy Osiyodagi faoliyati yo‘qolmagan, balki yangi sharoitga moslashgan. Rossiya va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi savdo va moliyaviy aloqalar hamon katta hajmda qolmoqda.

Xitoy faqat iqtisodda, Rossiya esa xavfsizlikdami?

Pekin va Moskvaning Markaziy Osiyodagi ta’sir doiralari qat’iy ajralgan, degan qarash mavjud. Ya’ni, Xitoy iqtisodiyotga kirib kelmoqda, Rossiya esa asosan xavfsizlik va madaniyat sohasida qolmoqda, degan fikrlar bor.

Filkevichning ta’kidlashicha, aslida har ikki davlat ham mintaqaning turli sohalarida faol ishtirok etmoqda. Masalan, Xitoy iqtisodiyot bilan cheklanib qolmay, madaniyat va ta’lim sohasidagi ta’sirini ham kuchaytirmoqda. Buning misollaridan biri — Konfutsiy institutlari va xitoy tili o‘qitiladigan markazlarning ko‘payishi.

Bunday markazlar nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Rossiyadagi yirik oliy ta’lim muassasalarida ham faoliyat yuritmoqda. Masalan, Rossiya xalqlar do‘stligi universitetida (RUDN) ham xitoy tili va madaniyatiga oid ta’lim dasturlari mavjud.

Rossiya esa faqat Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) va madaniy aloqalar bilan cheklanib qolmayapti. Moskva Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo, sanoat va boshqa iqtisodiy yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirmoqda. Rossiya bilan mavjud savdo va ishlab chiqarish aloqalari uni mintaqa davlatlari uchun muhim hamkorga aylantirib turibdi.

Markaziy Osiyo davlatlari qanday muvozanat saqlamoqda?

Markaziy Osiyo davlatlari so‘nggi yillarda Moskva va Pekin o‘rtasida muvozanat saqlashga harakat qilmoqda. Ya’ni, ular faqat bitta davlatga tayanib qolmasdan, har ikki tomon bilan hamkorlik qilib, o‘ziga kerakli imkoniyatlardan foydalanmoqda. Filkevichning aytishicha, har bir davlat o‘ziga kerak bo‘lgan narsani olmoqda.

Xitoy katta miqdorda investitsiya va kreditlar taklif qilmoqda. Bu mablag‘lar yo‘l, energetika, sanoat va boshqa infratuzilma loyihalariga yo‘naltirilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Xitoy kreditlari va investitsiyalaridan faol foydalanmoqda. Ekspertning fikricha, Xitoyga moliyaviy bog‘liqlik masalasi mavjud. Biroq mintaqa davlatlari buning xavflarini ham tushunadi va Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlikdan foydalanishga harakat qiladi.

Shu bilan birga, Rossiya bilan iqtisodiy, energetik va xavfsizlik sohalaridagi aloqalar ham saqlanib qolmoqda. Rossiya bilan mehnat migratsiyasi va savdo aloqalari ham Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda.

Ekspertning fikricha, shuning uchun Xitoyning mintaqadagi investitsiyalari oshayotgani Rossiyaning siyosiy ta’siri avtomatik ravishda kamaymoqda, degani emas.

«Rossiya — o‘z iqtisodiy va siyosiy imkoniyatlariga ega global davlat. Markaziy Osiyo respublikalari uchun Moskva bilan aloqalarni uzish yoki keskin sovutish iqtisodiy va geosiyosiy jihatdan foydali emas», — dedi professor.

Uning fikricha, Rossiya bilan yaqin hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlari uchun barqarorlik va rivojlanish imkoniyatlarini saqlab qolishda muhim bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, mintaqa davlatlari Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni ham davom ettirmoqda. Natijada Markaziy Osiyoda Moskva va Pekin o‘rtasidagi raqobatdan ko‘ra, ikki tomon bilan bir vaqtning o‘zida hamkorlik qilishga asoslangan siyosat kuchaymoqda.

Teglar

Mavzuga oid