Logo

Janubiy Koreya O‘zbekistonning boyliklariga qiziqmoqda: Seulda qanday kelishuvlar imzolandi?

Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasining birinchi sammiti doirasida prezident Li O‘zbekistonni «qadrli do‘st va asosiy hamkor» deb e’tirof etdi. Shavkat Mirziyoyev esa o‘zaro munosabatlar vaqt sinovidan o‘tib, o‘z mustahkamligini isbotlaganini ta’kidladi.

Janubiy Koreya O‘zbekistonning boyliklariga qiziqmoqda: Seulda qanday kelishuvlar imzolandi? © Reuters

Janubiy Koreya Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda. 16-sentabr kuni Seulda Markaziy Osiyo–Koreya Respublikasi formatidagi birinchi sammit o‘tkazildi. Unda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etdi. Sammit yakunlari bo‘yicha tomonlar kritik minerallar, energetika, ta’minot zanjirlari, ishlab chiqarish va yangi texnologiyalar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishdi.

Sammit oldidan va uning uch kunlik tadbirlari davomida 70 dan ortiq kelishuv va memorandumlar tuzilgan. Ular energetika, konchilik, infratuzilma, texnologiya va investitsiya sohalarini qamrab olgan. Shuningdek, davlat rahbarlari uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish uchun ikki yilda bir marta sammit tashkil etishga kelishib olingan. Keyingi uchrashuv 2028 yilda Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Janubiy Koreyaga Markaziy Osiyodan nima kerak?

Sammit kun tartibidagi eng muhim mavzulardan biri kritik minerallar masalasi bo‘ldi.

Kritik minerallar — bu zamonaviy energetika va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish uchun suv va havoday zarur bo‘lgan noyob xomashyodir. Xalqaro energetika agentligi litiy, nikel, kobalt, grafit va marganetsni akkumulatorlar ishlab chiqarishdagi eng muhim materiallar qatoriga kiritadi. Kamyob yer elementlari esa shamol turbinalari va elektromobil motorlarida keng qo‘llanadi. Kamyob yer elementlari esa shamol turbinalari va elektromobillar motorlarida qo‘llanadi. Mis elektr tarmoqlari uchun asosiy materiallardan biri hisoblanadi.

Rasmiy Seul oldidagi asosiy vazifa mintaqada faqatgina bunday minerallarni qazib olishdan iborat emas, balki ularni qayta ishlash va uzluksiz yetkazib berish zanjirini barqarorlashtirish ham o‘ta muhimdir. «Reuters» agentligining qayd etishicha, Koreya Markaziy Osiyo bilan shunchaki xomashyo oldi-sotdisini yo‘lga qo‘yish bilan cheklanmay, geologik qidiruv ishlaridan tortib to tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan yaxlit zanjirni rivojlantirishga e’tibor qaratmoqda.

Aynan shu sababli ham, sammit doirasida resurslar, texnologiyalar va moliyaviy imkoniyatlarni o‘zaro birlashtirish masalasi birinchi o‘ringa chiqdi.

O‘zbekistonning rejalari qanday?

Sammitda O‘zbekiston tomoni kritik minerallar bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik tashabbusi bilan chiqdi. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari va Janubiy Koreya o‘rtasida muhim minerallarni o‘zlashtirish bo‘yicha mintaqaviy investitsiya ittifoqini tuzishni taklif qildi. Mazkur tashabbus geologik qidiruv, qazib olish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni qamrab oluvchi yaxlit zanjir yaratishni ko‘zda tutadi.

O‘zbekistonning o‘zida esa 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan rejalar asosida muhim minerallar sohasida umumiy qiymati $4,2 mlrd bo‘lgan 120 ta loyihani amalga oshirish режaлaштирилмоқдa.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu loyihalar orqali volfram, molibden va boshqa muhim minerallarni qayta ishlab, bozorga yuqori qiymatga ega mahsulotlar yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.

Biznes-sammitdagi nutqida davlat rahbari O‘zbekistonning mineral-xomashyo bazasi salohiyati kamida 3 trillion dollarni tashkil etishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

12 milliard dollarlik loyihalar

Janubiy Koreya bilan ikki tomonlama hamkorlik doirasida ulkan sarmoyaviy loyihalar ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi istiqbolli loyihalar portfeli qariyb 12 milliard dollarni tashkil etadi. Qolaversa, Koreya Eksport-import banki bilan 8 milliard dollarlik yangi hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv ma’qullangan.

Ushbu sarmoyalar faqatgina tog‘-kon sanoati bilan cheklanib qolmaydi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar muhim minerallarni qayta ishlash, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, transport, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va boshqa qator sohalardagi qo‘shma loyihalarni ham muhokama qilgan.

Toshkent – Samarqand temir yo‘li loyihasi

Koreya bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri transport sohasi bo‘ldi.

Xususan, O‘zbekiston Prezidenti va Koreya Eksport-import banki rahbari o‘rtasidagi uchrashuvda Toshkent – Samarqand yo‘nalishida yangi temir yo‘l qurish loyihasiga Koreyaning moliya institutlari hamda yirik kompaniyalarini jalb etish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, mamlakatimizga yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarni yetkazib berish jarayonini jadallashtirish lozimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, «Hyundai Rotem» kompaniyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralarda temir yo‘l ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, O‘zbekistonda zamonaviy servis markazi ochish hamda elektr motorlar uchun magnitlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari muhokama qilindi.

Aviatsiya sohasi ham e’tibordan chetda qolmadi. «Incheon International Airport Corporation» korporatsiyasi bilan Urganch aeroportini modernizatsiya qilish va Toshkentda yangi xalqaro aeroport barpo etish loyihalari bo‘yicha hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

Sun’iy intellekt

Sammit va O‘zbekiston – Koreya muzokaralarida texnologik hamkorlik eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev biznes-sammit doirasida Koreya kompaniyalari, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlarini Markaziy Osiyoga jalb etish, qo‘shma izlanishlar olib borish hamda yangi mahsulotlar yaratishga qaratilgan yagona hamkorlik tizimini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidan sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va kiberxavfsizlik masalalari ham mustahkam o‘rin oldi. Xususan, Koreya Eksport-import banki rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yarim o‘tkazgichlar va yangi materiallar ishlab chiqarish hamda ularni sinovdan o‘tkazishga ixtisoslashgan maxsus markaz tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Nega aynan hozir?

«Reuters» xabariga ko‘ra, Janubiy Koreya Markaziy Osiyoning resurs va energetika salohiyatiga qiziqish bildirish bilan birga, o‘z ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish hamda koreys kompaniyalari uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga intilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari esa, o‘z navbatida, Koreyaning ilg‘or texnologiyalari, sarmoyasi va boy sanoat tajribasidan foydalanishdan manfaatdor.

Shu bois ham, sammitda xomashyoni shunchaki eksport qilish bilan cheklanmay, uni mintaqaning o‘zida chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu O‘zbekiston tomoni ilgari surgan asosiy tashabbuslardan biri bo‘ldi.

O‘zbekiston Koreya kompaniyalarini Markaziy Osiyoga 80 milliondan ortiq iste’molchisi bor yagona yirik bozor sifatida qarashga chorlagan. Sammit yakunida esa Markaziy Osiyo va Janubiy Koreya o‘rtasidagi kelgusi 30 yillik hamkorlikning strategik yo‘nalishlari belgilab olindi.

O‘zbekiston uchun bu raqamlar nimani anglatadi?

Hozircha 12 milliard dollarlik bu ko‘rsatkichga to‘liq o‘zlashtirilgan investitsiya sifatida qarab bo‘lmaydi. Bu mablag‘ istiqboldagi loyihalar portfeli sifatida baholanadi. Koreya Eksport-import banki bilan kelishilgan 8 milliard dollarlik dastur ham faqat moliyalashtirishning umumiy chegarasini belgilab beradi. Ya’ni, bu mablag‘larning barchasi bir vaqtning o‘zida mamlakat iqtisodiyotiga kirib keladi, degan xulosa yo‘q.

Shu bilan birga, O‘zbekiston bilan muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlarining ko‘lami keng: noyob minerallar, yarim o‘tkazgichlar, sun’iy intellekt, avtomobilsozlik, temir yo‘l va aeroportlar infratuzilmasi, tibbiyot hamda farmatsevtika kabilar shular jumlasidandir.

Qolaversa, «Markaziy Osiyo – Koreya» formati shunchaki bir martalik uchrashuv bo‘lib qolmaydi. Navbatdagi sammitni 2028 yilda Qozog‘istonda o‘tkazishga kelishib olindi.

Xulosa qilib aytganda, Seuldagi dastlabki sammitning asosiy natijasi faqatgina imzolangan kelishuvlar soni bilan emas, balki Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo o‘rtasida xomashyo, texnologiya, moliya va ishlab chiqarishni o‘zaro uyg‘unlashtiruvchi yangi hamkorlik formati yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur format doirasida O‘zbekiston muhim minerallarni qayta ishlash, transport va yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan bir qator yirik loyihalarni ilgari surmoqda.

Teglar

Mavzuga oid