Logo

Toshkent va viloyatlarda uy-joyning rasmiy narxlari qancha?

Toshkentda 1 kvadrat metr kvartira 25,3 mln so‘mgacha, 1 sotix hovli esa 1,7 mlrd so‘mga baholanmoqda. 1-sentabr holatiga ko‘ra, 35 ta shahar va tumanda kvartira, hovli va noturar obyektlarning o‘rtacha bozor narxlari ma’lum qilindi.

Toshkent va viloyatlarda uy-joyning rasmiy narxlari qancha?

O‘zbekistonda 12 ta yirik aglomeratsiya bo‘yicha ko‘chmas mulkning o‘rtacha bozor narxlari e’lon qilindi. Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlar Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan elektron savdo platformalaridagi ko‘chmas mulk obyektlari narxlari monitoringi asosida shakllantirilgan.
Tahlil 35 ta shahar va tumanni qamrab olgan. Unda ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlar narxi 1 kvadrat metr, yakka tartibdagi uylar 1 sotix, noturar obyektlar esa 1 kvadrat metr hisobida ko‘rsatilgan.

Toshkentda xonadonlar eng qimmat
O‘rganilgan hududlar orasida ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarning eng yuqori o‘rtacha narxi Shayxontohur tumanida qayd etilgan — 1 kvadrat metr uchun 25,3 mln so‘m.

Eng past ko‘rsatkich esa Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida — 4,5 mln so‘m/m²

Toshkent tumanlaridagi xonadonlarning o‘rtacha narxlari quyidagicha:

Shayxontohur — 25,3 mln so‘m/m²;
Mirobod — 23,2 mln so‘m/m²;
Yakkasaroy — 20,5 mln so‘m/m²;
Yunusobod — 17,0 mln so‘m/m²;
Chilonzor — 16,7 mln so‘m/m²;
Mirzo Ulug‘bek — 19,6 mln so‘m/m²;
Olmazor — 14,2 mln so‘m/m²;
Yashnobod — 14,2 mln so‘m/m²;
Uchtepa — 13,7 mln so‘m/m²;
Bektemir — 11,5 mln so‘m/m²;
Sergeli — 11,5 mln so‘m/m²;
Yangihayot — 11,0 mln so‘m/m².

Samarqandda kvartiralar 11,8 mln so‘mdan
Toshkentdan tashqari hududlar orasida Samarqand shahrida ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarning o‘rtacha narxi yuqori ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan — 11,8 mln so‘m/m².

Boshqa shaharlarda bu ko‘rsatkich quyidagicha:

Chirchiq — 9,0 mln so‘m/m²;
Buxoro — 8,4 mln so‘m/m²;
Shahrisabz — 7,6 mln so‘m/m²;
Termiz — 7,6 mln so‘m/m²;
Navoiy — 7,5 mln so‘m/m²;
Qo‘qon — 7,0 mln so‘m/m²;
Urganch — 6,9 mln so‘m/m²;
Nuqus — 5,6 mln so‘m/m²;
Marg‘ilon — 5,6 mln so‘m/m²;
Quvasoy — 4,5 mln so‘m/m²;
Xiva — 4,8 mln so‘m/m²;
Qoson — 4,8 mln so‘m/m².

Hovli uylar bo‘yicha ham Toshkentda katta tafovut bor

Yakka tartibdagi uylarning 1 sotixiga hisoblangan eng yuqori o‘rtacha narx Mirzo Ulug‘bek tumanida — 1 mlrd 719,9 mln so‘mни tashkil qilgan.
Shuningdek, bu ko‘rsatkich:

Yakkasaroyda — 1 mlrd 643,6 mln so‘m;
Yunusobodda — 1 mlrd 444 mln so‘m;
Mirobodda — 1 mlrd 81,4 mln so‘m;
Shayxontohurda — 950,6 mln so‘m;
Chilonzorda — 830,4 mln so‘m.

Toshkentdan tashqarida esa 1 sotix yerga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha narxlar ancha past. Masalan, Samarqandda 472,1 mln so‘m, Buxoroda 388,6 mln so‘m, Navoiyda 244,9 mln so‘m va Termizda 273,7 mln so‘m etib ko‘rsatilgan.

Noturar obyektlar ham Mirzo Ulug‘bekda qimmat
Noturar obyektlarning 1 kvadrat metri uchun eng yuqori o‘rtacha narx ham Mirzo Ulug‘bek tumanida — 24,4 mln so‘m.

Toshkentning boshqa tumanlarida bu ko‘rsatkich:
Mirobod — 23,0 mln so‘m/m²;
Yakkasaroy — 21,9 mln so‘m/m²;
Yunusobod — 19,8 mln so‘m/m²;
Shayxontohur — 18,6 mln so‘m/m².

Eng past ko‘rsatkichlardan biri Yangi yo‘lda — 3,7 mln so‘m/m², Quvasoyda esa 4,0 mln so‘m/m² bo‘lgan.

Narxlar qanday aniqlangan?

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ishlar Prezidentning 2026 yil 24-fevraldagi PQ-73-son qarori asosida amalga oshirilgan. Hujjatda yirik aglomeratsiyalarda ko‘chmas mulk bozorini tahlil qilish, obyektlarning bozor qiymatini muntazam aniqlash va e’lon qilib borish belgilangan.

Joriy yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, 14 ta yirik aglomeratsiyani qamrab olish belgilangan bo‘lsa-da, 12 ta aglomeratsiya bo‘yicha monitoring ishlari yakunlangan.

Bunda keltirilgan ko‘rsatkichlar davlat tomonidan belgilangan qat’iy sotuv narxlari emas. Ular elektron savdo platformalaridagi takliflar asosida aniqlangan o‘rtacha bozor narxlari hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid