add

Budjet xarajatlari ustidan nazorat kuchaytiriladi

Bugun 16:251042 daqiqa

2026-yil 1-apreldan 2030-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda eksperiment tariqasida davlat organlari va tashkilotlarida Hisob palatasining vakili — bosh inspektor lavozimi joriy etilib, budjet xarajatlar joyida nazorat qilinadi.

Budjet xarajatlari ustidan nazorat kuchaytiriladi

Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda davlat auditi va moliyaviy nazorat tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilandi. Hujjat budjet xarajatlari ustidan nazoratni kuchaytirish, qonunbuzilishlarning oldini olish va davlat mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Ushbu qaror bilan Hisob palatasi faoliyatini tashqi baholash tizimi ham joriy etiladi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab har besh yilda kamida bir marta Hisob palatasi faoliyati xalqaro standartlar asosida mustaqil ravishda baholanadi. Bu jarayon Auditning oliy organlari xalqaro tashkiloti — INTOSAI metodologiyalari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik doirasida amalga oshiriladi.

Tashqi baholash natijalari asosida Hisob palatasining o‘rta muddatli rivojlanish strategiyasi qabul qilinishi belgilandi. Shuningdek, audit natijalari davlat sirlari bilan bog‘liq ma’lumotlardan tashqari, jamoatchilikka ochiq e’lon qilinadi. Bu esa moliyaviy nazorat tizimida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytiradi.

Farmon bilan Hisob palatasi vakolatlari ham kengaytirildi. Endi u xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarni moliyaviy auditdan o‘tkazishi, xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shma va parallel auditlar o‘tkazishi mumkin. Bu milliy davlat auditi tizimini xalqaro amaliyotga uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.

Qarorda raqamlashtirish masalasi ham asosiy yo‘nalishlardan biri etib belgilandi. 2027-yildan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi loyihalari «Kapital qo‘yilmalar» axborot tizimi orqali shakllantiriladi, qurilish hujjatlari esa «Shaffof qurilish» platformasida yuritiladi. 2026-yildan avtomobil yo‘llari qurilishi kosmik suratlar va dronlar yordamida monitoring qilinadi.

Shu bilan birga, davlat organlarida Hisob palatasining bosh inspektorlari instituti eksperiment tariqasida joriy etiladi. Ular budjet xarajatlari samaradorligini joyida nazorat qiladi. Ularning faoliyatini baholash Hisob palatasi tomonidan tasdiqlanadigan faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida amalga oshiriladi va har chorak yakuni bo‘yicha u o‘z faoliyati to‘g‘risida Hisob palatasi raisiga hisobot beradi. Kadrlar tayyorlash maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Oliy davlat auditi maktabi tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 2025-yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritishni ma’qullagani haqida xabar bergan edik. Ma’lum qilinishicha, joriy yilgi budjet xarajatlari 40,9 trln so‘mga oshiriladi. Qo‘shimcha mablag‘lar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga yo‘naltiriladi.

Teglar

Mavzuga oid

Budjet xarajatlari ustidan nazorat kuchaytiriladi | Vaqt.uz