Dam olish kunlari O‘zbekistonda harorat 42 darajagacha chiqadi
«O‘zgidromet» prognozlariga ko‘ra, 13–14-iyun kunlari mamlakatning aksariyat hududlarida quruq va issiq ob-havo saqlanib, ayrim joylarda harorat 42 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
© vaqt.uzO‘zbekistonda dam olish kunlari havo harorati yanada ko‘tariladi. «O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, 13–14-iyun kunlari respublika bo‘ylab asosan kam bulutli va yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi.
Juma kuni mamlakatning barcha hududlarida havo harorati 33–36 daraja atrofida bo‘lishi prognoz qilingan. Keyingi kunlarda esa issiqlik kuchayib, ko‘pchilik hududlarda kunduzi 36–38 darajagacha yetadi.
Mutaxassislar ma’lum qilishicha, cho‘l hududlarida harorat 40 darajagacha, mamlakatning eng janubiy tumanlarida esa 42 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Shu bilan birga, respublika hududining katta qismida quruq ob-havo saqlanib qoladi.
Kaspiy dengizi hududidan nisbatan nam havo oqimlari kirib kelishi natijasida ayrim viloyatlarda qisqa muddatli yog‘ingarchilik kutilmoqda.
13-iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim joylarida, 14-iyun kuni esa Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida kechasi va ertalab, Navoiy hamda Buxoro viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Shamol sharqdan sekundiga 7–12 metr tezlikda esadi. Ayrim vaqtlarda uning tezligi sekundiga 13–18 metrgacha kuchayishi, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Shimoliy va cho‘l hududlarida shamol ba’zan sekundiga 20–22 metrgacha yetishi ehtimoli bor.
Sel xavfi e’lon qilindi
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda ham qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan 13–15-iyun kunlari sel-suv toshqini xavfi haqida ogohlantirish berilgan.
Toshkent shahrida esa 12–14-iyun kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzi havo harorati 36–38 darajagacha ko‘tarilishi, kechalari esa 20–23 daraja atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.





