add

«Darband» postidagi torozi hokimning qarindoshiga tegishliligi rad etildi

22.10.2025 | 21:451462

Surxondaryo va Qashqadaryo chegarasidagi «Darband» yo‘l-patrul postida o‘rnatilgan torozi xususiy shaxsga emas, davlat korxonasiga tegishli ekani aytildi.

«Darband» postidagi torozi hokimning qarindoshiga tegishliligi rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari chegarasida, M–39 xalqaro avtomobil yo‘lining 1326-kilometrida joylashgan «Darband» muntazam yo‘l-patrul postidagi yuk avtomobillari og‘irligini o‘lchash uchun o‘rnatilgan tarozi viloyat hokimining qarindoshiga tegishli ekani aytilgan xabarlar tarqaldi. Hokimlik matbuot xizmati buni rad etdi.

Qayd etilishicha, «Darband» postida o‘rnatilgan «Tenso M VA–20P» rusumli yuk tarozisi arezidentning 2023 yil 10 oktyabrdagi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 dekabrdagi qaroriga muvofiq, Boysun tumani Yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasining texnik uskunasi hisoblanadi.

«Ya’ni, mazkur tarozi xususiy shaxsga emas, balki davlat korxonasiga tegishli bo‘lib, u viloyat hokimining qarindoshiga aloqador ekani haqidagi ma’lumotlar mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», - deyiladi xabarda.

Unga ko‘ra, «Darband» postidagi yuk og‘irligini o‘lchash tizimi — yo‘l infratuzilmasini saqlash, avtotransport vositalari harakati xavfsizligini ta’minlash hamda ortiqcha yuk tashish holatlarining oldini olish maqsadida yuqoridagi me’yoriy hujjatlar asosida o‘rnatilgan.

Hozir viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamda Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi «Darband» postidagi nazorat jarayonlarini 24/7 rejimida kuzatuv va tahlil ostiga olgan.

Hokimlikka ko‘ra, ayrim og‘ir yuk mashinalari og‘irlik nazoratidan qochish maqsadida post yaqinida sun’iy tirbandlik hosil qilgan. Ya’ni, ikki yo‘nalish bo‘yicha 30–40 tadan ortiq yuk avtomobili yo‘l chetida to‘xtab turgan holda harakatni to‘sib qo‘ygan.

«Ularga belgilangan tartibda nazoratdan o‘tish va harakatni davom ettirish taklif etilgan bo‘lsa-da, ayrim haydovchilar buni rad etib, tirbandlikni sun’iy ravishda kuchaytirishda davom etmoqda. Shunga qaramay, me’yordagi yuk bilan harakatlanayotgan transport vositalari belgilangan tartibda vazn nazoratidan to‘siqsiz o‘tmoqda. Ularning harakatida hech qanday muammo kuzatilmayapti», - deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid