add

Davlat xizmatidagi bo‘sh ish o‘rinlariga nomzodlar onlayn tartibda tanlovdan o‘tadi

Bugun 14:0562 daqiqa

2026 yildan davlat xizmatiga qabul qilish jarayoni tubdan yangilanib, barcha bo‘sh lavozimlar «vacancy.gov.uz» orqali ochiq tarzda joylashtirilishi va nomzodlar onlayn tartibda tanlovdan o‘tishi mumkin bo‘ladi.

Davlat xizmatidagi bo‘sh ish o‘rinlariga nomzodlar onlayn tartibda tanlovdan o‘tadi

Prezident farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-martdan e’tiboran davlat organlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari «vacancy.gov.uz» elektron platformasida doimiy ravishda e’lon qilinib boriladi. Bu esa har bir fuqaroga mavjud lavozimlar haqida tezkor va ochiq ma’lumot olish imkonini yaratadi.

Platformada ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar o‘ziga mos lavozim, malaka talabi va ish haqi parametrlarini belgilab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ariza topshirishi mumkin bo‘ladi. Davlat xizmatidan o‘tish uchun test sinovlari ham onlayn tarzda yoki maxsus jihozlangan xonalarda o‘tkaziladi. Test natijalari bir yil davomida amal qilishi belgilanmoqda, bu esa nomzodlarga bir necha tanlovda ishtirok etish imkoniyatini beradi.

Shuningdek, tanlovning qo‘shimcha bosqichi sifatida sohaga oid bilimlarni baholash testlari o‘tkaziladi. Ushbu jarayon Agentlik huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan davlat organlari buyurtmasi asosida amalga oshiriladi.

Milliy kadrlar zaxirasi uchun nomzodlar ro‘yxati davlat organlari tomonidan mustaqil shakllantiriladi, nomzodlarning rivojlanish rejalari esa «zaxira.bsa.uz» platformasida monitoring qilinadi. Shu bilan birga, mahallada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar orasidan salohiyatli kadrlarni saralash mexanizmi joriy etiladi.

Agentlik davlat xizmatida samarali ishlayotgan, ammo rahbarlar tomonidan tavsiya etilmagan nomzodlarni ham mustaqil aniqlab, ularni Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish vakolatiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yildan 33 tumanda pilot tarzda natijaga asoslangan boshqaruv tizimi va rahbarlar rotatsiyasi amaliyoti joriy qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid