add

Dunyoning eng boy 10 milliarderi aniqlandi

Bugun 17:582 daqiqa

Forbes yangi reytingiga ko‘ra, texnologik biznes yetakchilari 2026-yil boshida ham global boyliklar taqsimotida ustunligini saqlab qoldi.

Dunyoning eng boy 10 milliarderi aniqlandi

Forbes jurnali 2026 yil 12-yanvar holatiga ko‘ra dunyodagi eng boy 10 nafar inson ro‘yxatini e’lon qildi. Reytingda texnologik kompaniyalar asoschilari va yirik investorlar yetakchi o‘rinlarni egalladi. Eng yuqori beshlikda Ilon Mask, Larri Peyj, Jeff Bezos, Sergey Brin va Larri Ellison qayd etildi.

Reytingda birinchi o‘rinni 722,9 milliard dollar boylik bilan Ilon Mask egalladi. U o‘z kapitalining asosiy qismini yuqori texnologiyali loyihalar orqali shakllantirgan. SpaceX va Tesla kompaniyalari Mask boyligining asosiy manbai hisoblanadi. Shuningdek, u X ijtimoiy tarmog‘i, Neuralink va qator innovatsion startaplarga ham egalik qiladi.

Ikkinchi o‘rinda 269 milliard dollar boylik bilan 52 yoshli Larri Peyj joy oldi. U Google qidiruv tizimining asoschilaridan biri sifatida tanilgan. Peyj 2019 yilda Alphabet kompaniyasi bosh direktori lavozimini tark etgan bo‘lsa-da, kompaniyada nazorat qiluvchi aksiyador sifatida qolmoqda.

Uchinchi o‘rin 257,1 milliard dollar boylik bilan Jeff Bezosga nasib etdi. U Amazon kompaniyasini 1994 yilda tashkil etgan va hozirga qadar uning eng yirik aksiyadori hisoblanadi. Bezos, shuningdek, Blue Origin aerokosmik kompaniyasi va The Washington Post nashriga egalik qiladi.

To‘rtinchi o‘rinda 248,2 milliard dollar boylik bilan Sergey Brin qayd etildi. U Google’ni Larri Peyj bilan birga tashkil etgan va hozir ham Alphabet’da strategik ta’sirga ega.

Beshinchi o‘rin esa 248 milliard dollar boylik bilan Oracle kompaniyasi asoschilaridan biri Larri Ellisonga tegishli.

Ikkinchi beshtalikka Mark Sukerberg (223,9 mlrd dollar), Bernar Arno (195,2 mlrd dollar), Jensen Xuang (160,5 mlrd dollar), Uorren Baffet (147,6 mlrd dollar) va Stiv Balmer (146,1 mlrd dollar) kirdi.

2025 yilda global boylik taqsimotiga ko‘ra, eng boy 10 foiz aholi 75 foiz boylikka ega bo‘lgan. O‘rta qatlam hisoblangan 40 foiz aholi ulushi 23 foizni, eng kambag‘al 50 foiz aholi esa dunyo boyliklarining atigi 2 foizini nazorat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid

Dunyoning eng boy 10 milliarderi aniqlandi | Vaqt.uz