Eng boy amerikaliklar bir yilda qancha pul ishlab topgani ma’lum bo‘ldi
«Forbes»ning navbatdagi reytingi AQSHda eng boylar safidan joy olish tobora qiyinlashayotganini ko‘rsatdi. «Forbes 400» ro‘yxatiga kirish uchun endi kamida $4,4 mlrd boylik talab etiladi — bir yil avval bu ko‘rsatkich $3,8 mlrd bo‘lgan.
© Foto: forbes.comAQSHdagi eng badavlat 400 nafar odamning jami boyligi bir yil ichida 1,4 trillion dollarga oshib, rekord ko‘rsatkich — 8 trillion dollarni tashkil qildi. Bu haqda «Forbes» nashri xabar bermoqda.
Shu bilan birga, ushbu nufuzli reytingga kirish mezoni ham sezilarli darajada ko‘tarilgan. Endi ro‘yxatdan joy olish uchun kamida 4,4 milliard dollarga egalik qilish talab etiladi. Bir yil avval bu chegara $3,8 mlrd bo‘lgan. Natijada 590 nafar amerikalik milliarder mazkur mezondan o‘ta olmagan.
Reyting peshqadami yana Ilon Mask bo‘ldi. Uning boyligi bir yil ichida ikki barobardan ko‘proq oshib, $908 mlrdga yetgan. Bir yil avval «Forbes» uning kapitalini $428 mlrd deb baholagan edi.
Texnologiyalar boylikni oshirdi
Maskning sarmoyasi bu qadar keskin ko‘payishiga asosan uning fazoviy biznesi sabab bo‘ldi. Nashrning ta’kidlashicha, iyun oyida «SpaceX» o‘tkazgan aksiyalarni birlamchi joylashtirish (IPO) jarayoni kompaniyaning bozor bahosini va Maskka tegishli ulush qiymatini sezilarli oshirgan.
Ro‘yxatda ikkinchi pog‘onani 378 milliard dollarlik mablag‘ bilan «Amazon» asoschisi Jeff Bezos band etdi. Undan keyingi uchinchi o‘rin 278 milliard dollar bilan «Google» hammuassisi Larri Peyjga nasib qildi.
To‘rtinchi o‘rindan «Dell Technologies» asoschisi Maykl Dell joy olgan bo‘lsa, «Google»ning yana bir hammuassisi Sergey Brin 256 milliard dollar boylik bilan kuchli beshlikni yakunlab berdi.
Sun’iy intellekt milliarderlari
Reytingga yangi qo‘shilgan 34 nafar ishtirokchining o‘ndan ortig‘i bevosita sun’iy intellekt tarmog‘iga aloqador. Ro‘yxatga ilk bor kirganlar orasida eng boyi «OpenAI» hammuassisi Greg Brokman bo‘lib, uning boyligi 25,5 milliard dollarga baholandi va u 45-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, «Anthropic» kompaniyasining olti nafar hammuassisi ham reytingga kirdi — ularning har biri 15,5 milliard dollardan sarmoyaga egalik qilmoqda. Ular orasidagi Daniela Amodei AQSHda o‘z mehnati bilan muvaffaqiyatga erishgan eng badavlat ayollar orasida ikkinchi o‘rinni qayd etdi.
Dastlabki o‘n beshlikka kirgan yagona ayol «Walmart» asoschisining qizi Elis Uolton bo‘ldi. Uning boyligi 118 milliard dollarni tashkil qilmoqda. Umuman olganda, ro‘yxatda jami 62 nafar ayol bor va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi darajada saqlanib qolgan.





