
Eng ko‘p «Xalq banki»da: O‘zbekistonda bank kartalari 68 milliontadan oshdi
Bank kartalari soni 2025 yilda 10,1 foizga yoki 6,3 mln donaga ko‘paydi. Kartalar soni bo‘yicha davlat banklari yetakchiligicha qolmoqda.

2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, o‘zbekistonliklarga tegishli bank kartalari soni 68 mln 267 ming donaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida ma’lum qilindi.
Yil davomida aholi qo‘lidagi bank kartalari soni 10,1 foizga yoki 6,3 mln donaga o‘sdi. Bunda bank kartalariga ega TOP-10 banklar ro‘yxati quyidagicha:
Xalq banki — 10,8 mln dona
Agrobank — 6,6 mln dona
Ipoteka-bank — 5,4 mln dona
Uzum bank — 5,1 mln dona
Milliy bank — 4,3 mln dona
TBC Bank — 4,2 mln dona
Hamkorbank — 3,8 mln dona
Ipak yo‘li bank — 3,6 mln dona
Anorbank — 3,6 mln dona
SQB — 2,9 mln dona
O‘tgan yil davomida yetakchi bo‘lishiga qaramay, «Xalq banki»da kartalar soni 1,6 mln donaga kamaygan. «Agrobank»da esa aksincha, bank kartalari soni 1,5 mln donaga ko‘paygan.
«TBC Bank» kartalariga ega o‘zbekistonliklar soni ham 1,4 mln nafarga kamayib, eng katta pasayishlardan biri qayd etilgan.
Yil davomida bank kartalari soni o‘zgarishiga 2025 yilda kartalarga egalik qilish bo‘yicha kiritilgan o‘zgarishlar sabab bo‘ldi.
Bundan bir yil avval banklar tomonidan bitta jismoniy shaxsga (bitta JSHSHIRga) kartalar sonini bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda esa 20 tagacha emissiya qilish bo‘yicha cheklovlar kiritilgan edi.
Bu esa ayrim o‘zbekistonliklarda uzoq vaqt davomida ishlatilmagan yoki kam foydalaniladigan bank kartalarini yopish ehtiyojini yuzaga keltirdi.
Shuningdek, 2025 yilda o‘rnatilgan bankomat va infokiosklar soni 40 mingtadan oshdi. To‘lov terminallari soni esa 430 ming donani tashkil qildi.
Bundan tashqari, 2025 yil so‘ngiga kelib masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 82,9 mln nafardan oshdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda 52,9 mln nafarni tashkil etgan edi.





