Eng ommabop smartfon brendlari qaysi?
«Apple» va «Samsung» jahon mobil telefon bozorining qariyb yarmini nazorat qilmoqda.

«Counterpoint Research)» tahliliy kompaniyasi smartfon ishlab chiqaruvchilar ommabopligi bo‘yicha yangi statistikani e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2026 yil boshiga kelib mutlaq yetakchi hanuz «Apple» bo‘lib qolmoqda – dunyodagi har to‘rtinchi faol smartfon deyarli «iPhone» hisoblanadi.
Tahlilchilar bunday natijani foydalanuvchilarning yuqori sadoqati, rivojlangan iOS ekotizimi va o‘zaro chambarchas bog‘langan servislar bilan izohlaydi. 2025 yil kuzida taqdim etilgan «iPhone 17» liniyasi sotuvlari rekord ko‘rsatkichlarni namoyon etmoqda va ayniqsa Xitoy hamda Hindiston bozorlarida «iPhone 16»dan ancha ustun kelmoqda.
Eng yaqin raqobatchi «Samsung» bozorning sal kamroq, ya’ni 20 foizga yaqin ulushini ushlab turibdi. Shu tariqa, ushbu ikki texnogigantning jami ulushi jahon mobil telefon bozorining qariyb yarmini tashkil etdi.

Qolgan ishlab chiqaruvchilar auditoriya hajmi bo‘yicha ancha ortda qolmoqda. «Ommaviy» reytingning top-10 ro‘yxatiga, shuningdek, «Xiaomi», «Oppo», «Vivo», «Transsion», «Huawei», «Honor», «Motorola», «Realme» va «Google» kiradi. Biroq ulardan faqat oxirgi uchtasidagina faol qurilmalar soni hali 200 million donadan oshmagan.
Alohida ta’kidlanishicha, foydalanuvchilar tobora yuqori texnik ko‘rsatkichlarga ega, ammo qisqa «hayot sikli»li qurilmalardan ko‘ra, dasturiy ta’minotning uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlanishiga ega smartfonlarni tanlamoqda («Apple» va «Samsung»da – 7 yilgacha).





