add

Fermer va dehqonlar uchun QQS bekor qilinadi

05.09.2025 | 12:404934

2026 yildan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada qo‘llaniladi.

Fermer va dehqonlar uchun QQS bekor qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 sentyabr kuni qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. Unda 2026 yildan dehqon va fermerlar yetishtirgan mahsulotlar (g‘alla va paxtadan tashqari) uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bekor qilinishi ma’lum qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. So‘nggi yillarda sohada izchil islohotlar amalga oshirilib, samaradorlikka yo‘naltirilgan qadamlar tashlandi. Jumladan, paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, oziq-ovqat yetishtirishga yo‘naltirildi. 160 ming gektar yangi bog‘ va tokzorlar barpo etildi, qiymati 1 mlrd dollarlik 1 500 ta oziq-ovqat loyihasi ishga tushirildi. Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyotning katta ulushi qishloq xo‘jaligida saqlanib qolayotgani qayd etildi. Ayniqsa, mahsulot sotishdagi 12 foizlik soliq ko‘p hollarda hisobotdan qochishga olib kelmoqda. Yangi tizim bu muammolarni qisqartirish va sohada shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan. Yangi tartibga ko‘ra, dehqon va fermerlar yetishtirgan mahsulotga QQS qo‘llanilmaydi, ammo urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport va elektr kabi xarajatlar bo‘yicha to‘langan soliqni qaytarib olish imkoniyati saqlanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, buning natijasida fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga 300 mlrd so‘m qoladi, yana 400 mlrd so‘mlik soliqni qaytarib olish imkoniyati yuzaga keladi. Bu yengilliklar yirik sanoatlashgan plantatsiyalar va qayta ishlash korxonalarini ko‘paytirishga zamin yaratadi. Mutasaddilarga yangi tizimni amaliyotga samarali joriy etish va fermer hamda dehqonlarga tushuntirish vazifasi yuklatildi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq QQS tizimda ishlayotgan korxonalarga bir yillik imtiyoz berilishi haqida xabar bergan edik.

Mavzuga oid

Fermer va dehqonlar uchun QQS bekor qilinadi | Vaqt.uz