Eron urushining 12-kuni: Tehron bombardimoni va «qora yomg‘ir» xavfi

Bugun 07:557 daqiqa

Eron tomonining ma’lum qilishicha, to‘qnashuvlar oqibatida 1300 dan ortiq tinch aholi vakili halok bo‘lgan, Isroil va AQSH tomonidan qariyb 10 mingta fuqarolik obyekti nishonga olingan.

Eron urushining 12-kuni: Tehron bombardimoni va «qora yomg‘ir» xavfi

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi 12-kuniga qadam qo‘ydi. Tehronning bildirishicha, mamlakat bo‘ylab 10 mingga yaqin fuqarolik inshootlari bombardimon qilingan, tinch aholi orasidagi qurbonlar soni esa 1300 nafardan oshgan.

10-martdan 11-martga o‘tar kechasi Tehronning Mehrobod aeroporti va boshqa strategik nuqtalar zarbalar ostida qoldi. O‘z navbatida, Eron ham Isroilga va AQSHning Fors ko‘rfazidagi obyektlariga javob hujumlarini davom ettirmoqda. Bu holat dunyo bozorida energiya resurslari narxining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.

Shu bilan birga, Vashingtonda ma’muriyatga nisbatan siyosiy bosim ortmoqda. Qonun chiqaruvchilar urushdan ko‘zlangan maqsadlar bo‘yicha ochiq eshituvlar o‘tkazishni talab qilishmoqda. Amerikalik harbiylar orasidagi yo‘qotishlar ortishi va aholi punktlariga berilgan zarbalar bo‘yicha surishtiruvlar boshlangani sababli, Oq uyning tanlagan strategiyasi keskin tanqidlarga uchramoqda.

Hozirga kelib quyidagilar ma’lum:

Erondagi vaziyat

  • Tinch aholi orasidagi yo‘qotishlar: Tehron tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, 28-fevral kuni urush boshlanganidan beri AQSH va Isroil kuchlari 10 mingga yaqin fuqarolik obyektlarini bombardimon qilgan, oqibatda 1300 dan ortiq begunoh inson hayotdan ko‘z yumgan.

  • Fuqarolik infratuzilmasiga qasddan qilingan hujum: Eronning BMTdagi elchisi Amir Said Iravoniy AQSH va Isroilni aholi yashash joylari va tibbiyot muassasalari kabi fuqarolik infratuzilmalariga qasddan zarba berishda aybladi.

  • Havo hujumlari va dengizdagi harakatlar: Isroilning «ulkan hujum to‘lqini»dan so‘ng Tehron markazidagi turar joy mavzelarida kuchli portlashlar yuz bergani xabar qilinmoqda. Qizil yarim oy jamiyatining bildirishicha, ko‘p qavatli uylardan biri vayron bo‘lgan va qutqaruv guruhlari xarobalar ostidan odamlarni qidirishmoqda.

  • Eronning javob zarbalari: Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) hujumlarning 37-to‘lqinini boshladi. Uch soatdan ortiq davom etgan ko‘p bosqichli hujumlarda «Xurramshahr» rusumli o‘ta og‘ir raketalardan foydalanilgan. Zarbalar Tel-Aviv, Xayfa va G‘arbiy Quddus shaharlariga, shuningdek, AQSHning Iroqdagi (Arbil) va Bahrayndagi (Manama) bazalariga qaratilgan.

  • AQSHning davom etayotgan hujumlari: AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset seshanba kuni amaliyotlarning «eng shiddatli kuni» bo‘lishidan ogohlantirgan edi. Poytaxt Tehronning kamida sakkizta tumaniga hujum qilindi, shaharda kuchli portlash ovozlari yangradi. Mamlakatning boshqa shaharlari ham zarbalar ostida qolmoqda. Eron qurolli kuchlari matbuot kotibi Abulfazl Shekarchining ta’kidlashicha, Tehron turar joy mavzelariga qilingan hujumlarga albatta javob qaytaradi.

  • Ichki tartib va xavfsizlik: Eron politsiyasi rahbari Ahmad Rizo Radan mamlakat dushmanlarini qo‘llab-quvvatlayotgan shaxslar endi namoyishchi emas, balki «sotqin va dushman» sifatida ko‘rilishini va ularga nisbatan shunga yarasha chora ko‘rilishini bildirdi.

  • Zaharli «qora yomg‘ir»: Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Erondagi yoqilg‘i omborlariga berilgan zarbalardan so‘ng «qora yomg‘ir» deb ataluvchi ifloslangan yog‘ingarchiliklar sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Neft obyektlaridagi yong‘inlardan chiqayotgan quyuq tutun yomg‘ir bulutlari bilan aralashib, tarkibida zaharli moddalar bo‘lgan zararli yog‘ingarchilikni hosil qilmoqda.

1

Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi vaziyat

·         Saudiya Arabistoni: Qirollik mudofaa kuchlari Eron tomonidan uchirilgan dronlar va ballistik raketalar to‘lqinini, jumladan, mamlakatning sharqiy hududlari va «Prince Sultan» aviabazasiga qaratilgan snaryadlarni tutib qolganini ma’lum qildi.

·         Qatar: 11-mart kuni ertalab Qatar Mudofaa vazirligi mamlakat harbiylari yangi raketa hujumini qaytarganini bildirdi. Dohada xavf darajasi «yuqori» ekani e’lon qilinib, aholidan «uydan chiqmaslikni» so‘raldi.

·         Birlashgan Arab Amirliklari: BAA havo hujumidan mudofaa tizimlari Eronning navbatdagi raketa va dronlar to‘lqiniga javob qaytarayotganini ma’lum qildi. 10-mart kuni 26 ta dron tutib qolingan bo‘lsa-da, to‘qqizta dron mamlakat hududiga tushgan.

·         Bahrayn: «Reuters» agentligi 11-mart kuni favqulodda sirenalar yangraganidan so‘ng Bahraynda to‘rtta kuchli portlash ovozi eshitilganini xabar qildi.

·         AQSH bilan mudofaa muvofiqligi: AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhon Ol Saud bilan Eron hujumlariga qarshi qirollik mudofaasini kuchaytirish masalasini muhokama qildi.

·         Diplomatik munosabat: Qatar Tashqi ishlar bo‘yicha davlat vaziri Muhammad bin Abdulaziz al-Xulayfiy Yaqin Sharqda harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi va Eron hamda AQSHni muzokaralar stoliga qaytishga undadi. U «Al Jazeera»ga bergan intervyusida Eronning qo‘shnilariga hujumi «hech kimga foyda keltirmasligini» ta’kidladi.

·         Yirik zavod yopildi: Dunyodagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri — BAAdagi «Ruwais» majmuasi dronlar hujumidan so‘ng «ehtiyot chorasi» sifatida 10-mart kuni o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

·         Quvaytdagi AQSH bazasi nishonga olindi: Eronning «Fars» va «Mehr» axborot agentliklari xabariga ko‘ra, Inqilob muhofizlari Quvaytdagi AQSH bazasiga kamida ikkita raketa otgan. Quvayt rasmiylari hozircha bu ma’lumotga izoh bermadi.

·         Iqtisodiy tahdidlar: Eron kuchlari Eron bankiga qilingan hujumni sabab qilib, mintaqadagi AQSH va Isroil tuzilmalariga aloqador «iqtisodiy markazlar va banklar»ni nishonga olish bilan tahdid qilmoqda.

AQSHdagi vaziyat

·         Kongressning e’tirozi: Ma’muriyatning nizo maqsadlari va davomiyligi yuzasidan aniqlik kiritmagan yopiq brifinglaridan so‘ng, AQSH Senatidagi demokratlar urush bo‘yicha oshkora eshituvlar o‘tkazishni talab qilmoqda.

·         AQSH harbiylari orasidagi yo‘qotishlar: Pentagon «Epik g‘azab» amaliyoti boshlanganidan beri taxminan 140 nafar amerikalik harbiy xizmatchi jarohatlanganini va yetti nafari halok bo‘lganini tasdiqladi.

·         Maktabga berilgan halokatli zarba bo‘yicha tergov: Oq uy matbuot kotibi Karolayn Livitt AQSH kuchlari Erondagi raketa va yadroviy dasturlarga qaratilgan 5000 dan ziyod nuqtaga zarba berganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u 175 nafar o‘quvchi qizning o‘limiga sabab bo‘lgan maktabga berilgan zarba yuzasidan olib borilayotgan harbiy surishtiruvga ham to‘xtalib o‘tdi. Fotodalillar ushbu fojia uchun AQSH mas’ul ekanini tasdiqlayotgan bir paytda, Livitt ma’muriyat tergov natijalarini tan olishini bildirdi.

·         Ho‘rmuz bo‘g‘ozida mina qo‘yuvchi kemalar yo‘q qilindi: AQSH Markaziy qo‘mondonligi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida Eronning 16 ta faol bo‘lmagan mina qo‘yuvchi kemasi yo‘q qilingani haqida xabar berdi.

·         Evakuatsiya: Yaqin Sharqdan 43 000 dan ortiq AQSH fuqarosi tijoriy va Davlat departamenti tomonidan jalb qilingan maxsus reyslar orqali evakuatsiya qilindi.

Isroildagi vaziyat

·         Eronning javob hujumlari: Isroil ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Eron tomonidan Isroilga qarata otilgan barcha raketalar tutib qolingan. Tel-Aviv va mamlakatning markaziy hududlarida havo xavfi sirenalari yangragan.

·         AQSH Isroilni neft infratuzilmasiga zarba bermaslikdan ogohlantirdi: AQSHda joylashgan «Axios» nashrining xabariga ko‘ra, Vashington Isroilning Eron energiya obyektlariga bergan zarbalaridan «norozi» ekanini bildirgan. Oq uy bu kabi hujumlarni Vashingtonning roziligini olmasdan turib amalga oshirmaslikni va to‘xtatishni so‘ragan.

·         Buzib kirilgan kameralar: Isroilning kiberxavfsizlik boshqarmasi urush boshlanganidan beri josuslik maqsadida xavfsizlik kameralariga Eron tomonidan o‘nlab buzib kirish holatlari aniqlanganini ma’lum qildi va aholini parollar hamda dasturiy ta’minotni yangilashga chaqirdi.

·         Diplomatik muvofiqlashtirish: AQSHning maxsus vakili Stiv Vitkoff davom etayotgan harbiy kampaniyani muvofiqlashtirish uchun kelasi hafta Isroilga borishi mumkinligini aytdi.

Livan va Iroq

·         Livanda Isroil hujumlarining kuchayishi: Isroil kuchlari Bayrut markazidagi turar joy binosini bombardimon qildi, oqibatda yong‘in chiqib, bir necha qavatlarga jiddiy zarar yetdi. Livan rasmiylarining ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan dushanbadan beri kamida 570 kishi halok bo‘lgan. Faqat 11-mart kunining o‘zida Isroilning havo zarbalari oqibatida Livan bo‘ylab kamida 19 kishi qurbon bo‘lgan.

·         Eronlik diplomatlarning o‘ldirilishi: Bayrutda Isroil tomonidan amalga oshirilgan havo hujumi oqibatida to‘rt nafar eronlik diplomatning halok bo‘lishi Tehronning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Eron BMT Xavfsizlik Kengashidan adolat talab qilmoqda. Rasmiy Tehron ushbu hodisani «terrorchilik hujumi» deb atadi.

·         Livandagi ommaviy ko‘chishlar: BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil bilan nizo tufayli 667 000 dan ortiq kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

·         Iroqqa berilgan havo zarbalari: 10-mart kuni bir nechta nuqtalarga, xususan, «Xalq safarbarlik kuchlari»ga aloqador guruhlarga berilgan zarbalardan so‘ng, Iroq bosh vaziri AQSH davlat kotibi Marko Rubioga mamlakat hududi hujumlar uchun «maydon» bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Amerika bazalari joylashgan Iroq Kurdistoni mintaqasi ham Eron tomonidan hujumlarga uchradi.

Teglar

Mavzuga oid