Elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish uchun jazo kuchaytirildi
Elektr, gaz va boshqa kommunal tarmoqlarga noqonuniy ulanish holatlari uchun jarimalar oshirilib, jinoiy javobgarlik choralari aniqlashtirildi.

O‘zbekistonda elektr, issiqlik, gaz va vodoprovod tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Bu haqda 2026 yil 11-mart kuni qabul qilingan «O‘RQ–1121-son»li qonun bilan Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan.
Oshirilgan jarimalar
Endi umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzish holatlari uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 15 baravaridan 20 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 25 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Amaldagi qonunchilikda fuqarolar uchun jarima miqdori BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslar uchun esa 20 baravaridan 25 baravarigacha etib belgilangan edi.
Qonunga muvofiq, kommunal tarmoqlarga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari uchun ham jazo kuchaytirildi. Bunday qoidabuzarlik uchun endilikda BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Amaldagi qonunda jarima miqdori BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha etib belgilangan.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, agar shaxs kommunal tarmoqlarga o‘zboshimchalik bilan ulangani uchun avval ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa va bu harakatni yana takrorlasa, unga nisbatan jinoiy jazo qo‘llanadi. Bunda BHMning 30 baravaridan 75 baravarigacha jarima, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari belgilangan.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.





