Bloger Sirojiddin Odilov hibsga olingani aytilmoqda

11.03.2026 | 13:352 daqiqa

VAQT.UZ manbasi «Sirojiddin Media» nomi bilan tanilgan bloger ichki ishlar organlari tomonidan ushlanganini aytmoqda.

Bloger Sirojiddin Odilov hibsga olingani aytilmoqda

Bloger Sirojiddin Odilov hibsga olingani aytilmoqda. Bu haqda VAQT.UZ manbasi xabar berdi.

Hozircha ishning boshqa tafsilotlari ma’lum emas. VAQT.UZ vaziyat bo‘yicha rasmiy munosabat olish maqsadida Ichki ishlar vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov holat o‘rganilayotganini bildirdi.

Ochiq ma’lumotlarga qaraganda, Sirojiddin Odilov 2017-yilda «Sirojiddin Media» MCHJni ta’sis etgan.

O‘zbekiston inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov ham o‘zining ijtimoiy tarmoqlagi sahifasida mazkur holatning o‘ziga ma’lum bo‘lgan taraflarini ochiqladi. Uning yozishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik)da aks etgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlangan Sirojiddin Odilovni qamoqqa olishga sanksiya bergan.

«Sirojidinning jinoyat ishi debochadanoq protsessual xatolar bilan boshlandi. Ehtiyot chorasini belgilash bo‘yicha mahkamaga poytaxtdan borgan ikki nafar advokat orderi bo‘la turib qo‘yilmadi, aksincha, davlat advokati ishtirok etdi. Himoyalanish huquqi shaxsning imperiativ huquqi bo‘lib, bunday huquqning buzilishi jinoyat ishining xolis ko‘rilishiga shubha uyg‘otadi», – deb yozadi Tashanov.

Media shaxslari bilan bog‘liq oldingi keyslar

Ma’lumot uchun, 2026-yil 16-yanvar kuni «Taftish.uz» saytining besh xodimi protsessual tartibda qo‘lga olingan.

Ichki ishlar vazirligi bayonotida qayd etilishicha, «Elita Media» MCHJga qarashli «Taftish.uz» tahririyati xodimlari «jinoiy guruh tuzib, tovlamachilik va firibgarlik sodir etganlik»da ayblanmoqda. Shuningdek, 27 nafar fuqaroning murojaatlari asosida 21 ta holatda Jinoyat kodeksining 168-moddasi, (firibgarlik) 165-moddasi, (tovlamachilik) 139-moddasi (tuhmat) va 244-6-moddasida (yolg‘on axborot tarqatish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

2026-yil fevral oyida esa Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan «Demokrat.uz» internet nashri rahbari Fazliddin Mehmonov hamda bloger Aziz G‘oipnazarovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ma’lumotga ko‘ra, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi «a» bandi — tovlamachilik aybi bilan ish ochilgan. Tergov organlari ularni tadbirkordan yirik miqdorda pul talab qilishda gumon qilmoqda. IIBBning bildirishicha, 2026-yil 29-yanvar kuni Mehmonov jabrlanuvchidan 3 ming dollar olgan, 10-fevral kuni esa 17 ming dollarni olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Teglar

Mavzuga oid