Kambag‘allik chegarasi: 715 ming so‘m yetarlimi?
2026-yil uchun kambag‘allik chegarasi yana inflatsiya sur’atlaridan past darajada oshirildi. Vaqt.uz muxbiri minimal iste’mol xarajatlari hisob-kitobi va respublika bo‘yicha yagona mezon sifatida qo‘llash masalasi yuzasidan vazirlikdan izoh so‘radi.
O‘zbekistonda 2026 yil uchun minimal iste’mol xarajatlari, ya’ni kambag‘allik chegarasi 715 ming so‘m etib belgilandi. Bu ko‘rsatkichga ko‘ra, agar bir kishining oylik daromadi shu miqdordan past bo‘lmasa, u rasmiy statistikada kambag‘al hisoblanmaydi.
Oldingi yillarda ham bu ko‘rsatkich bosqichma-bosqich oshirilgan. Jumladan, 2025 yilda kambag‘allik chegarasi 669 ming so‘mni tashkil etgan. 2024 yilda esa mazkur ko‘rsatkich ikki marta qayta ko‘rib chiqilib, yil boshidagi 568 ming so‘mdan 621 ming so‘mgacha ko‘tarilgan.
Bir qarashda raqamlar o‘sib borayotgandek ko‘rinadi. Biroq bu ko‘rsatkichlar aholi kundalik duch kelayotgan real narxlar va yashash xarajatlariga qanchalik mos ekani ochiq savol bo‘lib qolmoqda. Masalan, Toshkent shahridagi narxlar bilan Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov, Shumanay yoki Surxondaryoning Sherobod kabi hududlaridagi narxlar o‘rtasida sezilarli farq mavjud.
Shu nuqtai nazardan, mamlakat bo‘ylab yagona kambag‘allik chegarasini belgilash yirik shaharlardagi “haqiqiy kambag‘allar”ni rasmiy statistikadan tashqarida qoldirishi mumkinligi haqida ham bahslar bor. Mutaxassislar ayrim hollarda hududiy koeffitsiyentlarni joriy etish zarurati paydo bo‘layotganini ta’kidlamoqda.
Yana bir muhim jihat — minimal iste’mol xarajatlarining inflatsiyaga nisbatan qanday sur’atda oshirilayotgani. Agar kambag‘allik yagona summa orqali o‘lchansa, u kamida inflatsiya darajasida indeksatsiya qilib borilishi kerak. Ammo so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich inflatsiyadan past sur’atda oshirilayotgani kuzatilmoqda.
Xususan, 2026 yil uchun belgilangan kambag‘allik chegarasi belgilangan muddatdan 43 kun kechikib e’lon qilingan. Shu bilan birga, 2025 yil fevral oyidagi so‘nggi indeksatsiyadan keyin jamg‘arilgan inflatsiya 7,5–8 foiz atrofida baholanmoqda. Yangi ko‘rsatkich esa atigi 6,88 foizga oshirilgan.
Bu esa bozordagi narxlar tezroq o‘sib borayotgan bir paytda, kambag‘allikni hisoblashda qo‘llanadigan minimal chegara undan sekinroq oshirilayotganini anglatadi. Natijada kambag‘allik darajasi statistikada kamaygandek ko‘rinishi mumkin.
Shu bilan birga, 2026 yil uchun mamlakatda ancha katta ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlar belgilangan. Rejaga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 2,8 foizgacha, ishsizlik esa 4,5 foizgacha tushirilishi kerak.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil yakunida ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizgacha pasaygan. Kambag‘allik esa 8,9 foizdan 5,8 foizgacha kamaygani aytilmoqda.
Hukumat uzoq muddatli rejalarni ham belgilab qo‘ygan. Jumladan, 2030 yilga qadar minimal iste’mol xarajatlari asosida hisoblanadigan «mutlaq kambag‘allik» darajasini 0 foizga tushirish maqsad qilingan. Bu haqda 2026 yil 16-fevralda qabul qilingan Prezident farmonida qayd etilgan.
E’tiborli jihati shundaki, rasmiy hujjatlarda ilk bor minimal iste’mol xarajatlari qiymati «mutlaq kambag‘allik» ko‘rsatkichi bilan bog‘lanmoqda. Biroq ayrim iqtisodchilar bu yondashuvning real iqtisodiy vaziyatga qay darajada mos kelishini muhokama qilmoqda.
Iqtisodchi Otabek Bakirov «Avval iqtisod» dasturida bu masalaga to‘xtalib, kambag‘allikni baholash mezonlari real narxlar va aholi xarajatlari bilan uyg‘un bo‘lishi muhimligini ta’kidlagan.
Umuman olganda, rasmiy statistikada kambag‘allik tez sur’atda kamayib borayotgandek ko‘rinadi. Biroq kambag‘allikni hisoblash uchun olinayotgan minimal chegara real narxlardan ortda qolsa, raqamlar tabiiy ravishda «yaxshilanadi».
Bu esa muammo haqiqatan hal bo‘lganini emas, balki faqat statistikada kamayganini anglatishi mumkin.
Shu sababli mutaxassislar kambag‘allikni kamaytirishning asosiy yo‘li aholi daromadlarini oshirish va yashash sharoitlarini yaxshilash bilan bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda. Aks holda, 2030 yilda «mutlaq kambag‘allik nolga tushirildi» degan chiroyli raqam paydo bo‘lishi mumkin, ammo bu real hayotdagi muammo to‘liq hal bo‘lganini anglatmasligi mumkin.
Teglar






