Farg‘onadan 2,1 mlrd so‘mlik oltinni noqonuniy olib chiqishga uringan shaxs ushlandi
Qirg‘izistonga noqonuniy ravishda oltin olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs chegarada ushlandi, qimmatbaho quymalar musodara qilindi.

Farg‘ona viloyatida 2 milliard so‘mdan ortiq qiymatga ega oltin quymalarini noqonuniy ravishda Qirg‘izistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va bojxona idoralari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Farg‘ona tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi «Damas» avtomashinasi «Vodil-avto» chegara bojxona postida to‘xtatilgan.
Tekshiruv jarayonida avtomashina kuzovi ichiga yashirilgan 4 dona nostandart shakldagi oltin quymalari aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, quymalarning sof og‘irligi 1 kilogramm 232 grammni tashkil etadi. Ularning umumiy qiymati 2 milliard 182 million 466 ming so‘mga baholangan.
Jinoyat ishi
Mazkur holat yuzasidan DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi — bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish holati bo‘yicha javobgarlikka tortilmoqda.
Qonunchilikka muvofiq, ushbu jinoyatda aybdor deb topilgan shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima tayinlanishi mumkin. Shuningdek, unga uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi ehtimoli ham mavjud.





