O‘zbekistonda 1,5 mln so‘m topish kimlar uchun eng qiyin?
Aholining uchdan biri 1,5 mln so‘mni tezda topishni «juda qiyin» deb hisoblaydi. Markaziy bank so‘rovi ayollar, yoshi kattalar va ayrim hududlarda yashovchilar moliyaviy zarbalarga ko‘proq zaif ekanini ko‘rsatmoqda.
© Javhar ChorshanbiyevaMarkaziy bank Moliyaviy ommaboplik va O‘zbekistonda moliyaviy ommaboplikni oshirish milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha asosiy xulosalarni taqdim qildi.
Unda mamlakat bo‘ylab moliyaviy ommaboplikning hozirgi holati haqida tanqidiy ma’lumot berish maqsadida 1200 nafar respondent ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazilgan.
So‘rovnomada milliy holatni to‘liq aks ettirish maqsadida O‘zbekistonning 6 ta asosiy hududidan ishtirokchilar tanlab olingan: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahri.
Respondentlardan «Qanday qilib 1,5 mln so‘m topasiz» deya so‘ralganda, 25 foizi bu mablag‘ni o‘z jamg‘armalari hisobidan qoplashini bildirgan.

Eng ko‘p berilgan javob esa oila yoki do‘stlardan yordam olish bo‘lib, 37 foiz respondent ushbu variantni ko‘rsatgan, bu esa norasmiy xavfsizlik tarmoqlariga kuchli tayanishni anglatadi.
Atigi 13 foizi bu mablag‘ni o‘z mehnatidan topishini aytgan, 2 foizi kredit olishini bildirgan, 10 foizi esa biror narsa sotish orqali mablag‘ yig‘ishini aytgan.
Muhimi, 6 foiz respondent umuman pul topa olmasligini bildirgan bo‘lib, bu eng zaif guruh orasida keskin moliyaviy qiyinchilik mavjudligini ko‘rsatadi.
Kimlar uchun 1,5 mln so‘mni topish juda qiyin?
So‘rovnomada qatnashganlarning 35 foizi 1,5 mln so‘mni topish «juda qiyin» bo‘lishini bildirgan. Bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida atigi 18 foiz bo‘lsa, Janubiy va Shimoliy/G‘arbiy hududlarda deyarli 50 foizga teng.

Erkaklarning 28 foizi 1,5 mln so‘mni topish «juda qiyin» ekanini ta’kidlagan bo‘lsa, ayollarda bu ko‘rsatkich ancha balandroq — 40 foiz.
Shuningdek, ko‘rib chiqilayotgan mablag‘ni topishda 18–30 yosh oralig‘idagi aholidan (28 foiz) ko‘ra 60 yoshdan oshgan aholi (41 foiz) qiynaladi.
1,5 mln so‘mni topishni «juda qiyin» deya belgilaganlar ulushi bo‘yicha eng past ko‘rsatkich oliy ma’lumotli qatlamga tegishli — 16 foiz.
Daromad bilan yashash darajasini qoplash
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 44 foizi so‘nggi 12 oy davomida daromadlari yashash xarajatlarini qoplamaganini bildirgan.
Markaziy bank bu ko‘rsatkichni ehtiyotkorlik bilan talqin qilish lozimligini aytgan. Sababi bu real daromad darajalaridan ko‘ra moliyaviy qiyinchilik yoki stress haqidagi subyektiv tasavvurlarni aks ettiradi.
Masalan, Osiyo taraqqiyot banki (ADB) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda aholining atigi 8,9 foizi milliy qashshoqlik chegarasidan pastda yashagan. Shuningdek, bu ko‘rsatkichlar sezilarli darajada farq qiladi:
• Daromad bo‘yicha: Past daromadli uy xo‘jaliklarida bu ko‘rsatkich 56 foiz bo‘lib, bu kambag‘al bo‘lmagan uy xo‘jaliklariga (31 foiz) nisbatan qariyb ikki barobar yuqori. Bu daromad darajasi va moliyaviy zaiflik o‘rtasida kuchli bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatadi.
• Hududiy kesimda: Eng yuqori ko‘rsatkich Sharqda (49 foiz) va Shimoliy/G‘arbiy hududlarda (50 foiz) qayd etilgan bo‘lsa, Toshkent shahrida (39 foiz) va Markaziy hududda (33 foiz) ancha past.
• Yosh bo‘yicha: Moliyaviy qiyinchilik 31–45 yoshdagi respondentlar orasida eng ko‘p (48 foiz), 60+ yoshdagilar orasida esa eng past (42 foiz) bo‘lib, bu ehtimol pensiya asosidagi daromad barqarorligi bilan izohlanadi.
Daromad yetishmovchiligi bilan qanday kurashilmoqda?
So‘rovnoma ma’lumotlari O‘zbekistondagi turli guruhlar daromad yetishmovchiligi bilan qanday kurashayotganining aniq qonuniyatlarini ko‘rsatadi.
• Jamg‘armalardan foydalanish (9 foiz) — asosan Janubiy hudud (17 foiz), ish bilan band shaxslar (15 foiz), oliy ma’lumotlilar (18 foiz) va yuqori daromadlilar (15 foiz) orasida ko‘proq uchraydi.
• Sog‘lom strategiyalar: Xarajatlarni qisqartirish (36 foiz) — ko‘proq qishloq aholisi (45 foiz), ayollar (40 foiz), ishsizlar (40 foiz), nafaqadagi shaxslar (40 foiz) va yuqori daromadlilar (41 foiz) orasida.
Yana bir sog‘lom strategiya — qo‘shimcha ish qilish (27 foiz), bu ko‘proq Toshkent (33 foiz) va Janubiy hudud (36 foiz) aholisi, shuningdek talabalar (33 foiz) va ish bilan bandlar (38 foiz) tomonidan qo‘llanilgan.
• Nisbatan sog‘lom bo‘lmagan strategiyalar: Aktivlarni sotish (13 foiz) — ko‘proq ishsizlar (21 foiz), qishloq aholisi (18 foiz) va 45–60 yoshdagilar (18 foiz) orasida.
Oila va do‘stlardan qarz olish (25 foiz) — Toshkent (35 foiz), Janub (33 foiz), Shimoliy/G‘arbiy hudud (32 foiz) hamda shaharliklar (30 foiz) orasida keng tarqalgan.
• Sog‘lom bo‘lmagan strategiyalar: Hisob-kitoblarni kechiktirish yoki to‘lamaslik (11 foiz) — ko‘proq Toshkent (20 foiz) va Shimoliy/G‘arbiy hudud aholisi (17 foiz) orasida kuzatilgan.





