O‘zbekistondan Saudiya va BAAga yo‘lovchi parvozlari qayta ochildi
O‘zbekistondan Saudiya Arabistoni va BAAga yo‘lovchi tashishga ruxsat berildi, umra ziyoratchilari uchun yangi talablar belgilandi.

Kecha, 10-martdan boshlab O‘zbekiston hududidan Saudiya Arabistoni Podshohligi hamda Birlashgan Arab Amirliklariga ikki tomonlama yo‘lovchi tashishga rasman ruxsat berildi. Bu haqda Transport vazirligi Vaqt.uz'ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Yaqin Sharqdagi urush sabab joriy etilgan cheklovlar bekor qilindi.
Mazkur qaror barcha mahalliy va xorijiy aviakompaniyalarga taalluqli bo‘lib, parvozlar «Uzbekistan Airways», «Qanot Sharq», «FlyOne Asia», «My Freighter», «Sam Air», «Fly Khiva Group» hamda boshqa aviakompaniyalar orqali amalga oshirilishi mumkin.
Saudiya Arabistoniga amalga oshirilayotgan reyslarda ayniqsa umra ziyoratchilariga alohida talablar qo‘yildi. Umra mavsumi yakunlanganda barcha ziyoratchilar Saudiya qonunchiligiga muvofiq mamlakatni o‘z vaqtida tark etishi shart. Shuning uchun aeroportlarda Saudiya Arabistoniga uchib ketuvchi barcha yo‘lovchilarda ortga qaytish aviachiptasi mavjudligi qat’iy tekshiriladi.
«Uzbekistan Airports» kompaniyasi ortga qaytish chiptasi bo‘lmagan yo‘lovchilar ro‘yxatini shakllantirib, har kuni «O‘zaviatsiya» agentligiga taqdim etib boradi. Keyinchalik ushbu ma’lumotlar tahlil qilinib, tegishli davlat idoralariga kiritiladi.
Shuningdek, aviakompaniyalar umra ziyoratchilarini tashishda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-oktabrda qabul qilingan 668-sonli qarori talablariga qat’iy rioya qilishi shart. Unga ko‘ra, ziyoratchilarni tashish ishlari faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita litsenziyasiga ega turoperatorlar orqali amalga oshiriladi.
Turoperatorlar har bir ziyoratchiga borish va qaytish aviachiptalari, mehmonxona vaucherlari, transfer xizmatlari va sug‘urta polislarini taqdim etishi lozim. Yo‘lovchilarga bu haqda reyslar davomida ovoz kuchaytirgich orqali eslatmalar berilishi ham belgilangan.
Transport vazirligi vaziyatni doimiy monitoring qilib borishini va mintaqadagi holatga qarab qo‘shimcha ko‘rsatmalar berilishini ma’lum qildi.





