Toshkentdagi yangi tunnel yo‘lida tirgak devor o‘pirilib tushdi

Bugun 13:382 daqiqa

Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan mazkur yo‘lo‘tkazgich qurilib, foydalanishga topshirilganiga atigi 1,5 yil bo‘lgan edi. O‘shanda yo‘l 100-120 yil xizmat qilishi aytilgan edi.

Toshkentdagi yangi tunnel yo‘lida tirgak devor o‘pirilib tushdi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasidagi yangi tunnel yo‘li atrofidagi yo‘l o‘tkazgichning bir qismi ko‘chib tushdi. Toshkent shahar hokimligi holat yuzasidan axborot berdi.

«Ayni paytdagi ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar qayd etilmagan. Voqea joyiga zudlik bilan avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va mas’ul tashkilotlar vakillari yuborilgan. Hodisa sodir bo‘lgan hudud o‘rab olingan, zarur xavfsizlik choralari kuchaytirilgan», – deyiladi hokimlik izohida.

Bildirilishicha, hozirda kompleks texnik tekshiruv o‘tkazilmoqda. Hokimlik tekshiruv yakunlanmaguncha, uzil-kesil xulosa chiqarishga hali erta ekanini ta’kidlagan.

O‘pirilib tushishga nima sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin?

Dastlabki taxminlar qatorida so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik ta’siri, jumladan, tuproqning haddan tashqari namlanishi va konstruksiyaga tushadigan yuklamaning ortishi kabi omillar ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga, loyihaviy yechimlar, qurilish-montaj ishlari sifati, drenaj tizimining holati, qurilish nazorati hamda obyektni qabul qilib olish tartibi kabi barcha tegishli holatlar ham tekshirilmoqda.

«Texnik tekshiruv yakunlari bo‘yicha tiklash ishlari yuzasidan qaror qabul qilinadi. Qoidabuzarliklar yoki ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi aniqlansa, mas’ul shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi», – deyiladi hokimlik xabarida.

Atigi 1,5 yil oldin qurilgan

Ma’lumot uchun, mazkur yo‘l o‘tkazgich 2024-yilning avgust oyida 128, 6 milliard so‘mlik loyiha doirasida yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentdagi yangi tunnel yo‘lida tirgak devor o‘pirilib tushdi | Vaqt.uz