Bugun metan «zapravka»lar faqat jamoat transporti uchun faoliyat yuritadi
Gaz bosimi pasaygani sabab, metan gaz quyish shoxobchalari faqat jamoat transporti va ijtimoiy soha obyektlari uchun ishlaydi.

Magistral gaz quvurlarida bosimni me’yoriy holatga keltirish ishlari davom etayotgani sababli, bugun metan gaz quyish shoxobchalari asosan ijtimoiy soha obyektlari va jamoat transportiga xizmat ko‘rsatadi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda gaz quvurlarida bosimni rostlash va uni barqaror holatga keltirish bo‘yicha texnik ishlar olib borilmoqda. Shu sababli tabiiy gaz taqsimoti vaqtincha ustuvorlik tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.
Mazkur choralar, avvalo, aholi va ijtimoiy muassasalarda gaz ta’minotida uzilishlar yuzaga kelmasligini ta’minlashga qaratilgan. Shu bilan birga jamoat transporti harakatining barqarorligini saqlab qolish ham asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilangan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin va suyultirilgan gaz — propan hajmi oshirilgan. Natijada bozorga yoqilg‘i mahsulotlari yetarli miqdorda yetkazib berilmoqda.
Xususiy «avtozapravka» shoxobchalari egalariga narxlarni sun’iy ravishda oshirmaslik, avtobenzinni belgilangan sifat va miqdorda sotish bo‘yicha ogohlantirish berilgan. Vakolatli tashkilotlar tomonidan nazorat tadbirlari kuchaytirilgani va narxlarni asossiz oshirish holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlanmoqda.





