Germaniyada yonilg‘i narxlari 2022 yildan beri rekord darajada qimmatladi
Germaniya neft mahsulotlarini asosiy hajmini Yaqin Sharqdan sotib olmasa ham, mintaqadagi keskinlik yonilg‘i narxlarining o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.

Germaniyada yonilg‘i narxlari mart oyi boshidan yana jadal o‘sishga o‘tdi. ADAC avtomobil klubi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda eng arzon hisoblangan E10 benzinining o‘rtacha narxi 9-mart kuni ilk bor 2022 yil may oyidan beri litri uchun 2 yevrodan oshib ketdi. Bir sutka ichida benzin narxi 4,4 sentga oshib, litri 2,028 yevroni tashkil etdi.
Dizel narxi
Dizel yonilg‘isi narxi ham shunga o‘xshash sur’atda ko‘tarildi. U 5,4 sentga qimmatlab, litri 2,171 yevro darajasiga yetdi. Bu ko‘rsatkichlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanishidan oldingi narxlardan mos ravishda 25 sent va 42,5 sentga yuqori.
10-mart kuni ertalab esa narxlar yanada oshdi. Soat 7:15 holatiga ko‘ra, Germaniya bo‘yicha E10 benzinining o‘rtacha narxi litri uchun 2,095 yevroni, dizel yonilg‘isiniki esa 2,237 yevroni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkichlar 9-martning shu vaqtiga nisbatan ancha yuqori bo‘lgan.
2022 yilgi rekord narxlar
Hozirgi narxlar 2022 yil fevral oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyingi ilk oylarda kuzatilgan darajaga yaqinlashmoqda. Ammo o‘sha paytdagi tarixiy rekordlarga hali yetganicha yo‘q. Masalan, 2022 yil 10-mart kuni dizel narxi litri uchun 2,321 yevro, 14-mart kuni esa E10 benzini 2,203 yevro darajasiga chiqqan edi.
«Raketa va par» effekti
Mutaxassislar narxlar yanada oshishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. ADAC vakillari «raketa va par» effekti xavfi borligini aytmoqda. Bu holatda neft qimmatlashishi iste’molchilarga darhol ta’sir qiladi, ammo arzonlashishi yonilg‘i narxlarida sekin aks etadi.
Yonilg‘i quyish shoxobchalari egalari birlashmasi vakili Xerbert Rablning ta’kidlashicha, neft konsernlari yuqori neft narxlarini tezda yonilg‘iga qo‘shib yubormoqda. U hatto kelajakda benzin narxi litri uchun 2,50 yevro va undan ham yuqori bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Shu bilan birga, Germaniya iqtisodiyot vaziri Katarina Rayxe yonilg‘i narxlarining keskin oshishi bo‘yicha tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kartellarga qarshi federal idora ehtimoliy qonunbuzarliklarni o‘rganmoqda.
Germaniya neft import qilgan mamlakatlar
Federal statistika idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya 2025 yilda import qilgan neftning taxminan 6 foizigina Yaqin Sharq davlatlariga to‘g‘ri keladi. Mamlakat uchun asosiy neft yetkazib beruvchi davlat Norvegiya bo‘lib, uning ulushi 16,6 foizni tashkil etadi. Ikkinchi o‘rinda AQSH, uchinchi o‘rinda esa Liviya turadi. O‘tgan yili Germaniya jami 75,7 million tonna neft import qildi, shundan 6,1 foizi Yaqin Sharqdagi to‘rt davlat — Iroq, BAA, Saudiya Arabistoni va Isroil hissasiga to‘g‘ri keldi. Mintaqaning boshqa davlatlari — Ummon, Qatar, Kuvayt va Eron esa Germaniyaga neft yetkazib bermagan.
Eslatib o‘tamiz, Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat Yevropa Ittifoqida tabiiy gaz narxi qariyb 90 foizga oshishiga sabab bo‘ldi.





