Yaqin Sharqdagi mojaro turizmga qancha zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi

11.03.2026 | 17:202 daqiqa

Urushning dastlabki birinchi haftasida Dubay shahrining o‘zida qisqa muddatli ijara uylari bo‘yicha 80 mingdan ortiq bron bekor qilingan.

Yaqin Sharqdagi mojaro turizmga qancha zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi

Yaqin Sharqda avj olgan harbiy mojaro mintaqaning turizm sanoatiga katta iqtisodiy zarba bermoqda. Butunjahon turizm va sayohat kengashi (WTTC) ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaziyat sabab mintaqadagi turizm sektori kuniga taxminan 600 mln dollargacha daromad yo‘qotmoqda. Bu haqda «Financial Times» nashri xabar berdi.

Mojaro oqibatida ayrim davlatlar havo hududlarini yopdi, ko‘plab aviareyslar bekor qilindi. Shu bilan birga, xavfsizlikka oid xavotirlar ortishi tufayli sayyohlar safarlarini bekor qilmoqda. Bu holat mehmonxona, ijara uylari va turistik xizmatlar bozoriga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bronlarning ommaviy ravishda bekor qilinishi vaziyatning qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatadi. AirDNA tahliliy guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, 6-martgacha bo‘lgan bir hafta ichida faqat Dubay shahrining o‘zida qisqa muddatli ijara uylari bo‘yicha 80 mingdan ortiq bron bekor qilingan.

Mojaro boshlanishidan oldin WTTC 2026 yil davomida xorijiy sayyohlar Yaqin Sharq mamlakatlarida taxminan 207 mlrd dollar sarflashini prognoz qilgan edi. Ammo hozirgi harbiy vaziyat bu prognozlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Kengash raisi Gloriya Gevara hatto qisqa muddatli uzilishlar ham turizmga kuchli iqtisodiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sayohat oqimi kamayishi nafaqat turistik yo‘nalishlarga, balki mehmonxonalar, aviakompaniyalar va xizmat ko‘rsatish sohasida ishlaydigan minglab xodimlar daromadiga ham salbiy ta’sir qiladi.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH va Isroil fevral oxirida Eronga havo hujumlarini boshladi. Aviazarbalar oqibatida oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy va Eron rahbariyatining boshqa a’zolari halok bo‘ldi. Tehron bunga javoban Isroil hamda AQSHning Fors ko‘rfazidagi obektlariga zarbalar berdi.

Teglar

Mavzuga oid