AQSH Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi

AQSH 12-martgacha tankerlarga yuklangan Rossiya neftini 11-aprelga qadar sotishga ruxsat berdi. Yoqilg‘i narxlarining o‘sishi fonida qabul qilingan bu chorani AQSH Moliya vazirligi «tor doiraga mo‘ljallangan» va «qisqa muddatli» deb atadi.

AQSH Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi

AQSH 11-aprelgacha Rossiya nefti va neft mahsulotlarini sotishga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi. 12-martga qadar tankerlarga yuklangan neft va neft mahsulotlarini sotishga ruxsat beruvchi litsenziya kecha, 12-mart kuni AQSH Moliya vazirligi saytida e’lon qilindi.

Moliya vaziri Skott Bessentning aytishicha, bunday qarorni AQSH prezidenti Donald Tramp jahon energetika bozorlarida barqarorlikni ta’minlash va neft narxlarini past darajada saqlab qolish maqsadida qabul qilgan. Bu qaror AQSH va Isroilning Eronga qarshi urush harakatlari fonida qabul qilingan.

Bessent X ijtimoiy tarmog‘ida yozgan postida bu «tor doiraga mo‘ljallangan, qisqa muddatli chora» ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, bu qaror Rossiya hukumatiga katta moliyaviy foyda keltirmaydi, chunki Rossiya budjetiga tushadigan asosiy daromadlar neft va gazdan olinadigan soliqlar orqali shakllanadi. Bessent neft narxining o‘sishini «qisqa muddatli va vaqtinchalik uzilish» deb atab, uzoq muddatda bu holat AQSH uchun «katta foyda» keltirishini aytdi.

«Fox News» ma’lumotiga ko‘ra, 12-mart holatiga dunyo bo‘ylab 30 ta turli nuqtada turgan tankerlarda taxminan 124 million barrel Rossiya nefti mavjud. Teleradiokanal hisob-kitoblariga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokada sabab yuzaga kelayotgan kunlik neft yo‘qotishlarini hisobga olganda, bu hajm 5–6 kunlik ta’minot uchun yetarli.

Ilgari AQSH Hindistonga ham ruxsat bergan

Bundan oldin, 6-mart kuni Bessent Vashington Hindistonga dengizdagi tankerlarda turgan Rossiya neftini 30 kun davomida sotib olishga ruxsat berganini ma’lum qilgan.

10-mart kuni matbuot anjumanida Tramp Rossiyaga qarshi neft sanksiyalarini vaqtincha yumshatish ehtimoliga ishora qildi:

«Biz narxlarni tushirish uchun neft bilan bog‘liq sanksiyalarni vaqtincha bekor qilamiz. Ayrim mamlakatlarga nisbatan sanksiyalarni to‘xtatamiz. Agar tinchlik bo‘lsa, ehtimol keyin ularni qayta tiklashga ham hojat qolmas».

G7 pozitsiyasi

Biroq 11-mart kuni G7 davlatlari Eron bilan bog‘liq urush fonida Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilmaslikka kelishib olganini ma’lum qildi. Ertasi kuni AQSH energetika vaziri Kris Vrayt Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish rejalashtirilmaganini bildirdi.

AQSH strategik zaxiralaridan neft chiqarmoqda

Shu bilan birga, urush fonida neft narxlarining o‘sishi AQSHni ham strategik zaxiralardan neft chiqarishga majbur qildi. 12-mart kuni AQSH Energetika vazirligi mamlakat 172 million barrel neft taqdim etishini ma’lum qildi.

Bu qadam Xalqaro energetika agentligi oldidagi majburiyatni bajarish hisoblanadi. Ushbu tashkilotga jami 32 ta davlat a’zo bo‘lib, rejaga ko‘ra ular birgalikda 400 million barrel neft strategik zaxiralardan bozorga chiqarishi kerak.

Teglar

Mavzuga oid