AQSH Ho‘rmuz bo‘g‘ozini himoya qilish uchun xalqaro koalitsiya tuzmoqchi
Tramp ma’muriyati Yaqin Sharqdagi asosiy energiya yo‘lagini Eron nazoratidan qutqarish uchun harbiy kemalarni ishga solishga va kemalarni kuzatib borishga tayyorlanmoqda.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessent «Sky News» nashriga bergan intervyusida tez orada AQSH Harbiy-dengiz kuchlari xalqaro koalitsiya bilan birgalikda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan kemalar xavfsizligini ta’minlashini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy jihatdan imkoniyat tug‘ilishi bilan kemalarni kuzatib borish (konvoy) amaliyoti boshlanadi.
Bo‘g‘ozdagi vaziyat va minalar
Yaqin Sharqda Isroil va AQSHning Eronga qarshi amaliyotlari boshlanganidan beri Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali energiya resurslarini yetkazib berish keskin qiyinlashdi. Tehron bo‘g‘ozni to‘liq nazorat qilayotganini va kemalar o‘tishi uchun Eron ruxsati kerakligini da’vo qilmoqda.
«CNN» xabariga ko‘ra, Eron bo‘g‘ozga minalar o‘rnatishni boshlagan. Hozirda u yerdan faqat Eron bilan bog‘liq tankerlar o‘tmoqda.
Skott Bessentning qayd etishicha, bo‘g‘ozdan Xitoy bayrog‘i ostidagi bir nechta tankerlar o‘tgan, bu esa yo‘lak hali to‘liq yopilmaganidan dalolat beradi.
Eronning siyosiy sharti
Bungacha Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) bo‘g‘ozdan o‘tish bo‘yicha o‘ziga xos «savdo»ni taklif qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Unga ko‘ra, har qanday arab yoki Yevropa davlati o‘z hududidan AQSH va Isroil elchilarini chiqarib yuborsa, o‘z kemalarini bo‘g‘oz orqali bemalol o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.
AQSH esa bu tahdidlarga qarshi harbiy kuch ishlatish orqali tijorat kemalari uchun xavfsiz «yo‘lak» yaratishni rejalashtirmoqda.





