Qaysi banklar faktoring xizmatlarini ko‘proq ko‘rsatmoqda?

Bugun 15:353 daqiqa

O‘zbekistonda faktoring bozori sezilarli kengaymoqda — 2025-yilda kredit tashkilotlari 9,5 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatdi. Dekabr oyining o‘zida rekord darajada faktoring amalga oshirildi.

Qaysi banklar faktoring xizmatlarini ko‘proq ko‘rsatmoqda? © Фото: Евгений Сорочин / Spot

2025-yilda kredit tashkilotlari tomonidan jami 9,5 trln so‘mlik faktoring xizmatlari ko‘rsatildi. Bu haqda Markaziy bankning Faktoring xizmatlari bozori sharhidan ma’lum bo‘ldi.

O‘tgan yili ko‘rsatilgan faktoring xizmatlarining 8,8 trln so‘mi yoki 93 foizi banklar va 699 mlrd

so‘mi yoki 7 foizi mikromoliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Faktoring — bu tadbirkorlarga hisob-fakturalarni darhol pulga aylantirish imkonini beruvchi moliyaviy xizmat. Masalan, qaysidir kompaniya maxsulotini sotdi va shartnoma bo‘yicha 60 kundan keyin pul tushishi kerak. Faktoring yordamida bankdan pulni darhol olish mumkin.

Bunda, ko‘rsatilgan faktoring xizmatlarining 4,4 trln so‘mi yoki 46 foizi raqamli faktoring xizmatlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu faktoring xizmatlarining 2,5 trln so‘mi (58 foiz) Ozplanet elektron faktoring platformasi, 1,8 trln so‘mi (42 foiz) Finmakon elektron faktoring platformasi orqali amalga oshirilgan.

2024-yilda faktoring xizmatlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich dekabr oyida 630 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025-yil dekabr oyida ikki barobar o‘sib, 1,2 trln so‘mlik rekord darajaga yetdi.

2025-yil davomida tadbirkorlik subyektlariga davlat ulushi mavjud banklar tomonidan jami 5 trln so‘m (56 foiz), xususiy banklar tomonidan jami 3,8 trln so‘m (44 foiz) miqdoridagi faktoring xizmatlari taqdim qilingan.

1

Bunda davlat ulushi bor banklarda eng ko‘p faktoring operatsiyalari Asakabank (1,5 trln so‘m shundan, elektron platforma orqali 508 mlrd so‘m), Milliybank (921 mlrd so‘m, 801 mlrd so‘m) va Sanoatqurilishbank (761 mlrd so‘m, 720 mlrd so‘m) tomonidan ko‘rsatilgan.

Shuningdek, xususiy banklar orasida Kapitalbank — 1,3 trln so‘m (31 mlrd so‘m), Hamkorbank — 909 mlrd so‘m (246 mlrd so‘m) va Asia Alliance Bank — 354 mlrd so‘m (194 mlrd so‘m) bilan faktoring xizmatlarini ko‘rsatishda yetakchilik qilgan.

Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlari tomonidan yil davomida jami 699 mlrd so‘mlik debitorlik qarzdorliklar moliyalashtirilgan.

Nega ayrim banklarda faktoring xizmatidan ko‘proq foydalanilmoqda?

Faktoring xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha o‘tgan yilda Asakabank yaqqol yetakchi bo‘ldi. Bu bankning diskont foiz stavkasi banklar orasida eng past ekani bilan izohlanadi — oylik 1,5 foiz.

2

Asakabank xalqaro faktoring xizmatlari bo‘yicha ham katta farq bilan yetakchi. Bank 2025 yilda 29,9 mln dollarlik (oylik 1 foiz) xalqaro faktoring xizmatini amalga oshirgan. Bu umumiy xorijiy faktoringning yarmidan ko‘pi degani.

Xalqaro faktoring xizmatlarining asosiy qismi Tojikiston (39 foiz) va Rossiya (33,7 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Faktoringdan eng ko‘p sanoat korxonalari foydalanyapti

Iqtisodiyot tarmoqlari kesimida faktoring xizmatlarining asosiy qismi sanoat sohasiga yo‘naltirilib, 4,5 trln so‘m yoki jami hajmning 48 foizini tashkil etgan. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasiga 4,1 trln so‘m yoki 44 foiz yo‘naltirilgan.

3

Shuningdek, qurilish va qishloq xo‘jaligi sektorlarida mos ravishda 391 mlrd so‘mlik (4 foiz) va 409 mlrd so‘mlik (4 foiz) debitorlik qarzdorliklar moliyalashtirilgan.

Muddatlar qirqimida 30 kungacha faktoring xizmatlari jami faktoring xizmatlarining 23 foizini (2,2 trln so‘m), 31 kundan 60 kungacha — 21 foizini (1,9 trln so‘m), 61 kundan 90 kungacha — 38 foizini (3,6 trln so‘m), 91 kundan 120 kungacha — 8 foizini (0,7 trln so‘m) hamda 121 kundan 180 kungacha — 10 foizini (1 trln so‘m) tashkil qilgan.

Teglar

Mavzuga oid