Toshkentdagi devor qulagan ko‘chada harakat qisman tiklandi

Bugun 10:252 daqiqa

Kecha Toshkentdagi Temur Malik ko‘chasida joylashgan yo‘lo‘tkazgich devorining bir qismi qulab tushgandi. Mazkur yo‘lo‘tkazgich qurilib, foydalanishga topshirilganiga atigi 1,5 yil bo‘lgan.

Toshkentdagi devor qulagan ko‘chada harakat qisman tiklandi

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Temur Malik ko‘chasida yangi yo‘lo‘tkazgich devorining bir qismi qulab tushgan hududda transport harakati qisman tiklandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa sodir bo‘lgan hududni aylanib o‘tish uchun Sultoniya ko‘chasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalishda transport harakati vaqtincha qarama-qarshi yo‘nalish orqali tashkil etilgan.

Mazkur yo‘l uchastkasining har ikki tomonida transport vositalari uchun ruxsat etilgan maksimal tezlik soatiga 30 kilometr etib belgilandi.

photo_2026-03-13_09-57-55

Shu bilan birga, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi bo‘ylab, ko‘prik orqali harakat ham qayta ochilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 12-mart kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasidagi yangi tunnel yo‘li atrofidagi yo‘l o‘tkazgichning bir qismi ko‘chib tushgan edi.

Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan. Voqea joyiga tezkor ravishda avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va mas’ul tashkilotlar vakillari yetib borgan. Hudud o‘rab olinib, qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan.

Hozirda holat yuzasidan kompleks texnik tekshiruv o‘tkazilmoqda. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisa so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik tufayli tuproqning ortiqcha namlanishi va konstruksiyaga tushadigan yuklama oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, loyiha yechimlari, qurilish ishlari sifati, drenaj tizimi va qurilish nazorati ham tekshirilmoqda.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, tiklash ishlari bo‘yicha qaror qabul qilinadi. Agar qoidabuzarlik yoki ishlarning talab darajasida bajarilmagani aniqlansa, mas’ul shaxslar qonun doirasida javobgarlikka tortiladi.

Teglar

Mavzuga oid