Martda yog‘gan qor: mevali daraxtlarni sovuq urdimi?

11.03.2026 | 11:553 daqiqa

O‘zbekistonga kirib kelgan sovuq havo va yog‘gan qor daraxtlar kurtak chiqarish va gullashni boshlagan pallada qishloq xo‘jaligiga katta zarar yetkazishi mumkin.

Martda yog‘gan qor: mevali daraxtlarni sovuq urdimi?

7-mart kuni O‘zbekistonga sovuq antitsiklon kirib keldi. 10-martga kelib sovuq antisiklon mamlakat hududini to‘liq qamrab oladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatildi. Harorat +2...+5 daraja iliq, 0...-5 daraja sovuq bo‘ldi.

Kunlar isib, daraxtlar kurtak yoza boshlagan, ekinlar ham ko‘kara boshlaganda havo haroratining birdan o‘zgarishi qishloq xo‘jaligiga qanday ta’sir qildi?

«Kerakli chora-tadbirlar qo‘llanilmagan daraxtlarga yaxshigina ta’sir qiladi», – deydi VAQT.UZning qishloq xo‘jaligi vazirligidagi manbasi.

Gap sovuq havo kirib kelishidan oldin vazirlik tomonidan ishlab chiqilib, dehqon va fermerlarga yetkazilgan quyidagi tavsiyalar haqida ketmoqda:

Qo‘shimcha oziqlantirish. Ekinlarni mikroelementlar va aminokislotalarga boy preparatlar bilan oziqlantirish zarur. Viusid, Biotrac kabi bor elementi mavjud ozuqalarni bargdan oziqlantirish uchun ishlatish yaxshi natija beradi.

Azotli o‘g‘itlardan foydalanish. Ekinlarning o‘sish jarayonini tezlashtirish maqsadida tez ta’sir etuvchi sulfat ammoniya kabi azotli mineral o‘g‘itlardan foydalanish tavsiya etiladi.

Issiqlikni saqlash choralari. Havo harorati past bo‘lsa, ekinlarni egat ustiga shaffof plyonka bilan yopish orqali himoya qilish mumkin.

Sug‘orish va tuproq namligini saqlash. Tuproqdagi namlikni saqlash va sovuq ta’sirini kamaytirish uchun sug‘orishni muntazam amalga oshirish kerak.

VAQT.UZ manbasi tagidan suv o‘tkazish, qator oralariga tutatish kabi choralar ko‘rilgan daraxtlarning 10-15 foizi sovuqdan zarar ko‘rishini, ammo hech qanday chora ko‘rilmaganlarning zarari kattaroq bo‘lishini aytadi.

Agronom, mevachilik sohasida xalqaro ekspert Shuhrat Abrorovning VAQT.UZʼga ma’lum qilishicha, sovuqdan keyingi zarar odatda quyosh chiqqandan 2-3 soat keyin baholanadi. 

«Bugun kechga yana sovuq havo bo‘lishi kutilmoqda. Shuning uchun, sovuq havoli kunlar to‘liq o‘tib bo‘lmaguncha  oxirgi zararni aytish qiyin», – deydi u.

Qaysi haroratda qaysi daraxtga zarar yetadi?

Qishloq xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, bahorda daraxtlar gullaganidan keyin tushadigan sovuqlar eng xavfli agrometeorologik omillardan biri hisoblanadi. Chunki bu paytda gul, g‘uncha va yosh mevalar juda nozik bo‘ladi. Sovuq darajasi past bo‘lsa ham, gullash davrida u hosilning 50–90 foizgacha yo‘qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘rik eng sezgir daraxtlardan bo‘lib, g‘uncha bosqichida 1-2 daraja sovuq, gul ochilganda 0,5-1 daraja sovuq, yosh mevada -1 daraja sovuq zararli bo‘ladi. O‘rik ilk gullaydi va eng tez sovuq uradi.

mart qor

Shaftoli va nektarin uchun bu gulda 1-2 daraja sovuq, yosh mevada 1,5 daraja sovuq; gilos va olcha uchun gulda 2 daraja sovuq, yosh mevada 2-3 daraja sovuq; olma uchun g‘unchada 2-3 daraja sovuq, gulda 2 daraja sovuq, yosh mevada 2-4 daraja sovuq; nok uchun gulda 2 daraja sovuq, yosh mevada 3 daraja sovuq xavfli bo‘ladi.

Guldagi hujayralar suvga boy bo‘ladi. Keskin sovuqda hujayra ichida muz kristallari hosil bo‘ladi. Natijada gul qorayib to‘kiladi. Changlanish to‘xtaydi. Meva tugilmaydi. Gullashdan keyingi 1-3 daraja sovuq ham xavfli bo‘lishi mumkin. Ayniqsa o‘rik va shaftoli eng tez zarar ko‘radi.

Sovuq urish oqibatlari

Haroratning bunday o‘zgarishi hosil kamayishiga olib kelishi mumkin. Bu bir necha iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga sabab bo‘ladi. Masalan, meva-sabzavot narxi oshadi. Bozorda mahsulot kam bo‘lsa, talab yuqori bo‘lib qoladi va narxlar ko‘tarilishi mumkin. Fermerlar daromadi kamayadi. Hosil oz bo‘lgani uchun sotiladigan mahsulot ham kamayadi, bu esa fermerlarning foydasiga ta’sir qiladi.

Eksport kamayishi mumkin. Agar mamlakat odatda meva yoki sabzavot eksport qilsa, hosil kam bo‘lganda eksport hajmi pasayishi mumkin.

Shuningdek, ichki bozorda tanqislik paydo bo‘lishi mumkin. Ayrim mahsulotlar kamayib ketsa, ularni boshqa davlatlardan import qilishga to‘g‘ri keladi. Bu oziq-ovqat sanoatiga ham ta’sir qiladi. Masalan, sharbat, konservalar yoki quritilgan mevalar ishlab chiqarish kamayishi mumkin.

O‘zbekistonda oldin ham bahorda gullagan daraxtlarga sovuq urib, hosil kamaygan holatlar bo‘lgan. 2021-yil fevral oxiri va mart oyida O‘zbekistonda ikki marta sovuq to‘lqini bo‘lgan. Shu sababli ayniqsa o‘rik, bodom va gilos daraxtlari katta zarar ko‘rgan. Ayrim hududlarda erta gullagan o‘rik navlarining 80–95 foiz hosili yo‘qolgan.

 

Sovuq havo saqlanib qolyapti

«O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida 11-12-mart kunlari havo harorati kechalari 0-3 daraja sovuq, shimolda +7…+10 daraja sovuq, kunduz kunlari 0…-5 daraja iliq bo‘ladi.

11-martda respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor.

Teglar

Alibek Beyjanov

Alibek BeyjanovMaqolalar soni: 607

Barchasi

Mavzuga oid