
«Gazprom»ni qutqarish uchun Rossiyada gaz narxlari har yili 20 foizga oshiriladi
30.05.2025 | 10:0037013
Rossiya hukumati «Gazprom»ning moliyaviy muammolarini hal etish maqsadida sanoat uchun gaz narxlarini har yili 20 foizga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu qaror kompaniyaning Yevropa bozorini yo‘qotishi ortidan kelib chiqqan katta zararlarini qoplashga qaratilgan.

Rejaga ko‘ra sanoat iste’molchilari uchun gaz tariflari yiliga ikki marta — birinchi va to‘rtinchi choraklarda 10 foizdan oshiriladi. Bu amalda hozirgi tarif indeksatsiyasi rejasidan ikki barobar yuqori. Hozirgi reja 2025 yilda 10,3 foiz, keyingi yillarda esa 10,6 foiz, 9 foiz va 7 foizdan oshirishni ko‘zda tutadi.
Aholi uchun ham gaz narxlari 2025–2028 yillar oralig‘ida jami 42,2 foizga oshishi kutilmoqda. Bu esa so‘nggi uch yildagi indeksatsiyalar bilan birgalikda umumiy o‘sishni 76 foizga yetkazadi.
«Gazprom» 2023 yilda 629 mlrd rubl miqdorida rekord darajadagi zararni qayd etdi. 2024 yilda esa gaz biznesida yana 1 trln rubl zarar ko‘rdi. Kompaniyaning baholashicha, Yevropa bozorini yo‘qotishi sababli keyingi 10 yilda 15 trln rubl miqdorida manfiy pul oqimiga duch keladi.
Yevropa Ittifoqi Rossiya gazidan to‘liq voz kechishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, Xitoy bilan «Sibir kuchi-2» quvurini qurish bo‘yicha kelishuvga erishilmagan. 2025 yildan boshlab Ukraina orqali tranzit to‘xtatilishi natijasida «Gazprom» yana 15 mlrd kubometr gaz eksportidan mahrum bo‘ladi.





