
Google rahbari sun’iy intellekt «pufagi» yorilishidan ogohlantirdi
Sundar Pichayga ko‘ra, sun’iy intellekt bozoridagi ehtimoliy «portlash» hammaga ta’sir qiladi va Google ham undan sug‘urtalanmagan.

Alphabet shirkati (Google’ning ona kompaniyasi) bosh direktori Sundar Pichay sun’iy intellekt (SI) texnologiyalariga bo‘lgan orttiqcha havas bozordagi xavfli «pufak»ka aylanganini ta’kidladi. Uning aytishicha, agar bu «pufak» yorilsa, oqibatdan hech bir kompaniya, jumladan Google ham eson-omon chiqa olmaydi.
BBC’ga bergan интервюсида Pichay hozirgi SI investitsiya bumida irratsional elementlar borligini tan oldi. Ushbu holatni 1990-yillar oxiridagi internet-bum bilan taqqoslab, «o‘shanda ham ortiqcha sarmoya kiritilgan, ammo internet muhim yangilik bo‘lganini hech kim inkor qilmaydi», dedi u.
Google o‘tgan yetti oyda o‘z kapitalizatsiyasini ikki baravarga oshirib, 3,5 trln dollarga yetkazdi. Bu OpenAI bilan raqobatda kuchaygan ishonch tufayli ro‘y berdi. Nvidia esa 5 trln dollar bilan tarixiy rekord o‘rnatdi.
Pichayga ko‘ra, Google’ning afzalligi shundaki, u to‘liq texnologik zanjirga ega: o‘z chiplari, data-markazlari, YouTube kabi platformalari orqali har qanday tebranishlarga tayyor.
Biroq u energiya masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Xalqaro energetika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, SI 2023 yilda butun jahon elektr energiyasining 1,5 foizini sarflagan. Bu Google’ning 2030 yilgacha nol uglerod chiqindisi maqsadiga xalaqit berishi mumkin.
Shu bilan birga, kompaniya Britaniyadagi SI infratuzilmasi va tadqiqotlariga 5 mlrd funt sterling sarmoya kiritish rejalarini tasdiqladi. Ushbu mablag‘ DeepMind’ning Londondagi faoliyatini ham kengaytirishga yo‘naltiriladi.





