Haftalik narxlar tahlili: qaysi mahsulot arzonladi, qaysisi qimmatlashdi?
Vaqt.uz Markaziy bank ma’lumotlari asosida eng muhim oziq-ovqat mahsulotlarining haftalik narxlaridagi o‘zgarishlarni muntazam tahlil qilib boradi.

«Narxtahlil.uz» platformasida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, hafta davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxida turlicha o‘zgarishlar kuzatildi.
1-iyul holatiga ko‘ra, mol go‘shti narxi yil boshidan beri ikkinchi marta tushdi, qo‘y go‘shti narxi o‘zgarishsiz qoldi. Mol go‘shtining eng yuqori narxi Toshkent shahri va Jizzax viloyatiga, eng arzon narx esa Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, sabzavot va mevalarda mavsumiy arzonlashuv davom etib, ayniqsa baqlajon, pomidor va uzum narxi keskin pasaydi.
Vaqt.uz 24-iyundan 1-iyulgacha bo‘lgan davrda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxidagi o‘zgarishlarni tahlil qildi.
Asosiy mahsulotlar
Hafta davomida asosiy iste’mol mahsulotlari narxida keskin o‘zgarishlar kuzatilmadi. Xususan, paxta yog‘i va kungaboqar yog‘i narxi deyarli o‘zgarmagan. Paxta yog‘ining o‘rtacha narxi 20 ming 250 so‘m, kungaboqar yog‘ining narxi esa 21 ming 461 so‘mni tashkil etdi.
Un mahsulotlari segmentida narxlar oshmagan. Birinchi navli un narxi o‘tgan haftadagi 6 ming 248 so‘mdan 6 ming 240 so‘mga tushdi. Oliy navli un narxi 9 ming 391 so‘m darajasida saqlanib qoldi. Bu asosiy iste’mol mahsulotlari bozorida barqarorlik saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Go‘sht mahsulotlari narxida o‘zgarishlar turlicha. Masalan, o‘tgan hafta mol go‘shti narxi 0,2 foizga qimmatlagan bo‘lsa, bu hafta 0,1 foizga pasaygan. Natijada mol go‘shtining o‘rtacha narxi 122 ming 627 so‘m atrofida shakllandi. Qo‘y go‘shti narxi esa ketma-ket ikkinchi hafta o‘zgarishsiz qoldi. Ya’ni, 1 kg qo‘y go‘shti narxi 133 ming 432 so‘m bo‘ldi.
Shakar va guruch kabi kundalik iste’mol mahsulotlari narxida keskin o‘zgarish kuzatilmadi. Biroq tuxum narxi pasayishda davom etmoqda. Uning narxi 1,3 foizga pasayib, 11 ming 324 so‘mgacha tushdi. Tovuq go‘shti narxi esa aksincha o‘zgarmadi. O‘tgan hafta uning narxi 0,3 foizga oshib, 32 ming 001 so‘mga yetgandi. Bu esa ushbu mahsulotlarda narxlar turlicha shakllanganini ko‘rsatadi.
Sut mahsulotlari narxi deyarli har hafta turlicha o‘zgaradi. Masalan, joriy hafta bu mahsulot 0,2 foizga tushib, 7 ming 771 so‘mni tashkil qildi. O‘tgan haftada esa aksincha 0,1 foizlik o‘sish qayd etilgandi. Shakar narxi esa 13 ming 143 so‘mga arzonlab, 0,1 foizga pasaydi. Guruch esa 1,3 foizga o‘sib, 14 ming 933 so‘mga yetdi. Ushbu mahsulot narxi ko‘tarilishda davom etmoqda.
Mahsulot | 24.06.2026 | 01.07.2026 | O‘zgarish (%) |
Paxta yog‘i (1 l) | 20 247 | 20 250 | +0,0% |
Kungaboqar yog‘i | 21 465 | 21 461 | 0,0% |
Un (1-nav) | 6 248 | 6 240 | -0,1% |
Mol go‘shti (1 kg) | 122 775 | 122 627 | -0,1% |
Qo‘y go‘shti (1 kg) | 133 487 | 133 432 | 0,0% |
Tuxum | 11 478 | 11 324 | -1,3% |
Sabzavotlar
Sabzavot bozorida mavsumiy arzonlashuv tendensiyasi davom etdi. O‘tgan hafta baqlajon 15,2 foizga arzonlashgan bo‘lsa, bu hafta ham uning narxi yana tushib 12,7 foizga pasaydi.
Pomidor ham ketma-ket oltinchi hafta tushmoqda. Hafta davomida pomidor 10,5 foizga arzonlab, 5 ming 190 so‘mni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, o‘tgan hafta ushbu mahsulot narxi 13,4 foizga pasaygan edi.
Bodring ham arzonalashishda davom etmoqda. Uning o‘rtacha narxi 5 ming 369 so‘mni tashkil etib, bir hafta ichida 1,3 foizga tushgan. O‘tgan haftada bodring 5 ming 439 so‘mdan sotilgandi. Kartoshkada ham narxlar tushgan. Uning narxi 3,9 foizga pasayib, 4 ming 587 so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, bu hafta karam narxi sezilarli arzonladi. 1 kg karam 3 ming 693 so‘mga tashkil qilib, 0,6 foizga tushdi. Qizig‘i, bu mahsulot narxi davomiy oshayotgan mahsulotlar qatoridan joy olgandi. Ushbu mahsulot o‘tgan haftada 3 ming 578 so‘mdan 3 ming 717 so‘mga oshgan.
Sabzi va piyoz narxlarida aksincha o‘sish kuzatildi. Jumladan, sabzi narxi 2,4 foizga oshib, 4 ming 370 so‘mga yetdi. Bu mahsulot narxi 3 hafatdadan buyon keskin oshib, boshqa mahsulotlarga qaraganda eng keskin oshgan mahsulot bo‘ldi. Piyoz narxi 2 ming 387 so‘mgacha ko‘tarilib, o‘tgan haftaga nisbatan 0,3 foizga qimmatlashgan.
Ayrim sabzavotlar narxining oshishi yangi hosil hali bozorga to‘liq chiqmagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Aksincha, pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlarda yangi hosil taklifining ko‘payishi narxlarning sezilarli pasayishiga olib kelmoqda.
Mahsulot | 24.06.2026 | 01.07.2026 | O‘zgarish (%) |
Kartoshka (1 kg) | 4 775 | 4 587 | -3,9% |
Piyoz (1 kg) | 2 379 | 2 387 | +0,3% |
Sabzi (1 kg) | 4 267 | 4 370 | +2,4% |
Pomidor (1 kg) | 5 798 | 5 190 | -10,5% |
Bodring (1 kg) | 5 439 | 5 369 | -1,3% |
Mevalar
Mevalar segmentida esa aksariyat mahsulotlar narxining arzonlashuvi kuzatildi. Eng katta pasayish uzum narxida qayd etilib, bir hafta ichida 8,8 foizga arzonladi. Natijada 1 kg uzumning o‘rtacha qiymati 15 ming 145 so‘mni tashkil qildi. Ushbu mahsulot narxi ketma-ket uch haftadan beri tushmoqda.
Limon ham ketma-ket uchinchi hafta o‘sishni qayd etdi. Agar o‘tgan hafta mahsulot 0,9 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, bu hafta o‘sish 0,6 foizni tashkil qildi va narx 49 ming 790 so‘mga yetdi.
Olma va nok mahsulotlari narxlarida ham pasayish tendensiyasi kuzatildi. Xususan, olma narxi hafta davomida 3,2 foizga arzonlashib, 13 ming 775 so‘mga tushdi.
Shuningdek, nok narxi ham arzonlashishda davom etmoqda. Uning 1 kg narxi 19 ming 797 so‘mni tashkil qildi. Bu narx o‘tgan haftaga nisbatan 2,2 foizga arzonlagan.
Umuman, mevalar bozorida narxlarning pasayish tendensiyasi saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, limon narxi qimmatladi.
Mahsulot | 24.06.2026 | 01.07.2026 | O‘zgarish (%) |
Olma | 14 237 | 13 775 | -3,2% |
Nok | 20 246 | 19 797 | -2,2% |
Limon | 49 509 | 49 790 | +0,6% |
Uzum | 16 615 | 15 145 | -8,8% |
Hududlar kesimida go‘sht narxlari qanday?
1-iyul holatiga ko‘ra, mol gol go‘shti narxi hududlar kesimida turlicha shakllangan. Respublika kesimida o‘rtacha narx 123 ming so‘m atrofida bo‘lsa-da, ayrim viloyatlarda bu ko‘rsatkich sezilarli darajada yuqori, ayrim hududlarda esa nisbatan past saqlanmoqda.
Viloyat | 01.07.2026 | 24.06.2026 | O‘zgarish % |
Buxoro viloyati | 118 628 | 118 267 | 0.31% |
Qashqadaryo viloyati | 121 542 | 121 362 | 0.15% |
Qoraqalpog‘iston | 109 512 | 109 403 | 0.10% |
Xorazm viloyati | 116 958 | 116 842 | 0.10% |
Surxondaryo viloyati | 126 118 | 126 030 | 0.07% |
Farg‘ona viloyati | 123 987 | 124 034 | -0.04% |
Namangan viloyati | 126 330 | 126 378 | -0.04% |
Andijon viloyati | 126 394 | 126 544 | -0.12% |
Navoiy viloyati | 119 268 | 119 439 | -0.14% |
Samarqand viloyati | 126 017 | 126 289 | -0.22% |
Toshkent shahri | 131 414 | 131 725 | -0.24% |
Toshkent viloyati | 122 918 | 123 400 | -0.39% |
Sirdaryo viloyati | 122 827 | 123 447 | -0.50% |
Jizzax viloyati | 127 381 | 128 293 | -0.71% |
Eng yuqori narx Toshkent shahri va Jizzax viloyatida qayd etildi. Poytaxtda 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 131 ming 414 so‘mni, Jizzax viloyatida esa 127 ming 381 so‘mni tashkil qildi.
Eng arzon mol go‘shti esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida sotilmoqda. Bu hududda 1 kg mol go‘shti 109 ming 512 so‘mga yetadi. Shuningdek, Xorazm viloyati 116 ming 958 so‘m va Buxoro viloyati 118 ming 628 so‘mni tashkil etib, ushbu hududlar respublikadagi nisbatan arzon bozorlar qatoriga kirdi.
Hafta davomida mol go‘shti narxlari hududlar kesimida keskin o‘zgarmadi. 14 ta hududdan 5 tasida narxlar biroz oshgan bo‘lsa, 9 tasida pasayish qayd etildi. Biroq barcha hududlarda o‘zgarish 1 foizdan past bo‘lgani bozorning nisbatan barqarorligini ko‘rsatadi.
Jizzax viloyatida mol go‘shti narxi respublikadagi eng yuqori narxlar qatorida qolayotganiga qaramay, haftalik o‘zgarishlar ichida eng katta pasayish aynan shu hudud hissasiga to‘g‘ri keldi.
Hafta yakuniga ko‘ra, mol go‘shtining eng yuqori narxi Yunusobod tumanida saqlanib, bir kilosi 135 909 so‘mni tashkil qildi. Ayni paytda, eng katta arzonlashuv Paxtakor tumanida kuzatilib, narxlar 4 foizga pasaydi.
Shunday qilib, eng qimmat va eng arzon hududlar o‘rtasidagi farq qariyb 22 ming so‘mni tashkil etdi. Bu esa hududlar kesimida narxlar o‘rtasidagi tafovut hali ham yuqoriligini ko‘rsatadi.
Qo‘shni davlatlar. O‘zbekistonga qo‘shni davlatlarda 1 kg mol go‘shti narxlari bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi. «Numbeo.uz» portali ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 kg mol go‘shti narxi 150 ming so‘mni tashkil qilgan.
Biroq, O‘zbekistonda mol go‘sht narxi qo‘shni davlatlarning ayrimlariga qaraganda qimmatroq. Masalan, Qozog‘istonda mol go‘shti narxi 125 ming so‘m, Qirg‘izistondagi narxi 104 ming so‘m, Tojikistonda 138 ming so‘mni tashkil qildi. Turkmanistonda 1 kg mol go‘shti narxi esa 278 ming atrofida shakllanib, mintaqadagi eng yuqori narx qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 17-24-iyun holatidagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishini ham tahlil qilgan edik.
Teglar






