Logo

«Ikki o‘t orasida»: Lukashenko Putinning urushiga qo‘shilishdan qochmoqda

Bugun 22:007 daqiqa

Bir paytlar tajovuzkor ritorikani kuchaytirgan Minsk, so‘nggi oylarda Kiyev tomonidan qo‘yilgan ultimatumlar va iqtisodiy xavflar fonida sezilarli darajada «yumshashga» majbur bo‘ldi.

«Ikki o‘t orasida»: Lukashenko Putinning urushiga qo‘shilishdan qochmoqda

31-may kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Ostonada bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida so‘zga chiqib, shov-shuvli bayonot berdi. Belarus yetakchisining ma’lum qilishicha, Minsk Ukraina hududida «aniq koordinatalarga ega juda jiddiy nishon»ni belgilab olgan va zarba berishga tayyor.

Bundan avvalroq, 13-mart kuni ham Lukashenko Kiyevga «ortiqcha gapirmaslik va tilini tiyib yurishni» maslahat berib, «Oreshnik» raketalari «gumburlamasligi» uchun Ukraina va NATOning Belarusga «suqulmagani» ma’qul ekanini aytgandi.

1

Ammo iyun oyi oxiriga kelib, bu kabi tajovuzkor ritorikadan asar ham qolmadi. 24-iyun kuni Minsk retranslyatorlarni o‘chirishga majbur bo‘ldi. Kiyevning ta’kidlashicha, ushbu qurilmalar rus kamikadze dronlarini Ukraina shaharlariga yo‘naltirib, ularning harakatini muvofiqlashtirib kelgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 19-iyun kuni ularni o‘chirishni talab qilib, aks holda, qonuniy harbiy nishon sifatida yo‘q qilishidan ogohlantirdi. Bu urush boshlanganidan buyon Ukrainaning Belarus hududiga uyushtirgan birinchi maqsadli hujumi bo‘lishi mumkin edi.

Lukashenko Moskva yoki Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi boshqa ittifoqchilaridan yordam so‘rab o‘tirmadi, aksincha, Zelenskiyning ultimatumini indamay bajardi. Har holda, Ukraina rahbariyati shunday da’vo qilmoqda. Rasmiy Minsk esa bu ma’lumotni hali tasdiqlagani yo‘q. Ukraina shimoliga, xususan, Chernigov viloyatiga uyushtirilayotgan rus dronlari hujumlarining keskin kamaygani ham buni bilvosita tasdiqlaydi.

Mana shu ikki holat – avvalgi ko‘z-ko‘z qilingan jangarilik va keyingi ultimatum oldida jimgina taslim bo‘lish Minskning asosiy dilemmasini ochib beradi. Prezident Lukashenko yanada chuqurroq harbiy integratsiyani talab qilayotgan Moskvaning tobora kuchayib borayotgan bosimi hamda Ukraina bilan real mojaroga kirishishdan yuzaga kelgan ekzistensial qo‘rquv o‘rtasida ikkilanib qolgan.

Xo‘sh, Rossiya Belarusni Kiyevga qarshi urushga kirishga majbur qila oladimi? Agar shunday bo‘lsa, bu urush natijasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Belarusni urushga nega tortishmoqchi?

«The Wall Street Journal» (WSJ) gazetasi 23-iyun kuni o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Moskva yil boshidan buyon Minskka nisbatan «bosim kampaniyasi»ni olib bormoqda. Nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Rossiya Ukrainaning shimoliga beriladigan zarbalar ko‘lamini kengaytirish maqsadida Belarus hududidan platsdarm sifatida foydalanmoqchi.

2

Gazetaning yozishicha, Moskva front chizig‘ini g‘arb tomon kengaytirishni maqsad qilgan. Bundan ko‘zlangan мaқсaд esa Kiyevni Moskva uchun ustuvor hisoblangan Donetsk yo‘nalishidan qo‘shinlarini olib chiqishga majbur qilishdir. Bundan tashqari, Rossiyaning Belarusdan qo‘shni NATO davlatlari – Litva, Latviya va Polshaga qarshi gibrid operatsiyalar uchun foydalanish ssenariysi ham inkor etilmayapti.

Gazeta manbalariga ko‘ra, agar Belarus bo‘ysunmasa, Moskva Minskka iqtisodiy bosim o‘tkazish bilan tahdid qilmoqda. Respublika Rossiya bozori va gaz subsidiyalariga o‘ta qaram hisoblanadi. 2025 yilda Belarus va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 51,9 milliard dollarga yetgan bo‘lib, qo‘shni mamlakat tashqi savdosidagi Rossiyaning ulushi 60 foizdan oshadi.

Shu bilan birga, WSJ hozircha Rossiya Belarus rahbariyatini Ukrainaga qarshi urushga qo‘shilishga ko‘ndira olganini tasdiqlovchi hech qanday belgi yo‘q, degan xulosaga kelgan. Ehtimoliy ssenariylardan biri chegaradagi fitnalar va namoyishkorona harbiy manevrlar orqali Minskni mojaroga bilvosita jalb qilishni nazarda tutadi. Kreml esa gazetaning ushbu xabarlarini «haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi» deya baholadi.

3

Biroq 3-iyul kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin aynan Kiyevning o‘zi Belarusni mojaroga tortishga intilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus–Ukraina chegarasida keskinlikning kuchayishini Kiyevning mojaro hududini kengaytirish va unga Minskni jalb qilishga urinishi sifatida baholash mumkin. Galuzinning fikricha, bu Ukrainaning G‘arbdagi ittifoqchilariga bosim o‘tkazish rejasi bilan bog‘liq – go‘yoki Kiyev shu tariqa ko‘proq harbiy yordam olmoqchi.

Shuningdek, Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari agar Kiyev «vaziyatni keskinlashtirishda davom etsa», Rossiya va Belarus «xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnomaning butun salohiyatini ishga solishga tayyor» ekanini bildirdi. Biroq diplomat «butun salohiyatni ishga solish» aynan nimani anglatishiga aniqlik kiritmadi.

Galuzinning bu bayonoti Bryansk viloyatida Belarus avtobusiga zarba berilgani haqidagi xabarlar tarqalgan bir paytda yangradi. Bryansk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Yegor Kovalchuk 2-iyul kuni Minskdan Anapaga yo‘l olgan yo‘lovchi avtobusiga ukrain droni zarba berganini ma’lum qilgan edi. Hodisa oqibatida ikki kishi jabrlangan.

Ukraina tomoni esa bu ayblovlarni rad etdi. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi vakili Andrey Kovalev 2-iyul kuni ukrain harbiylari mazkur yo‘lovchi transportiga zarba bermaganini aytib, hujum haqidagi xabarlarni Kiyevga yo‘llanayotgan rus zarbalaridan e’tiborni chalg‘itishga qaratilgan axborot kampaniyasining bir qismi deb atadi.

E’tiborlisi shundaki, Belarus rasmiylari Rossiyaning bu da’vosini qo‘llab-quvvatlamadi. Belarus Xavfsizlik kengashi kotibi Aleksandr Volfovich 2-iyul kuni zarba berilganini tasdiqladi, biroq bu hujumda Ukrainani ayblashdan o‘zini tiydi. Shu bilan birga, mulozim Belarus fuqarolarini Rossiyaga safar qilishdan vaqtincha voz kechishga chaqirdi.

4

Yana bir alohida voqea – 17-iyun kuni belaruslik bolalar ketayotgan avtobusga berilgan zarbadir. Hujum oqibatida homilador ayol halok bo‘ldi, besh nafar bola jarohat oldi. Belarus va Rossiya ushbu hujumda Ukrainani ayblab, BMT Xavfsizlik Kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi. Kiyev esa ayblovlarni qat’iyan rad etdi: Ukrainaning BMTdagi vakili Kristina Gayovishin ukrain tomoni bu hududda uchuvchisiz qurilmalardan foydalanmaganini bildirib, yuz bergan hodisani Minsk va Kiyevni to‘qnashtirishga qaratilgan fitna deb atadi.

Lukashenkoning o‘zi esa kutish pozitsiyasini tanladi: u tergov yakunlanmaguniga qadar aybdorlarning nomini ochiqlashdan bosh tortdi. Shuningdek, u bu hodisani Belarusni urushga tortishga urinish deb atadi va Minsk bunday ig‘volarga berilmasligini ta’kidladi.

Nega Lukashenko urushga qo‘shilmayapti?

25-iyun kuni Aleksandr Lukashenko Minskda Ukraina prezidenti vakillarini qabul qildi. Belarus rahbarining ta’kidlashicha, u Zelenskiyning vakillaridan quyidagi so‘zlarni yetkazishni so‘ragan: «Agar u biz bilan shunday ohangda gaplashish va yana bizni urushga tortish mumkin deb o‘ylayotgan bo‘lsa, urushning xususiyati tezda o‘zgarib ketishini tushunishi kerak. Bu butunlay boshqacha urush bo‘ladi».

5

Belarus prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bunga javoban Ukraina vakillari «prezident [Zelenskiy] va boshqalar buni tushunadi. Shuning uchun, yigitlar, kelinglar, o‘zaro kelishib olaylik», deya javob qaytargan.

«Biz Rossiya prezidenti bilan bu mavzuni ming marta muhokama qilganmiz. Agar u tarafda asosan hududiy mudofaa kuchlari turgan bo‘lsa, bu yerda ukrainaliklarga qarshi qanday qilib jang qilamiz? Belaruslar bilan urushishni istamaydigan o‘sha mexanizatorlarni, sog‘uvchilarni, ishchi yigitlarni otib tashlaymizmi? Biz ham ukrainaliklar bilan urushishni istamaymiz», – deya ta’kidladi Lukashenko.

Tashqi siyosiy kursni sharhlar ekan, prezident Belarus ziddiyat xohlamasligini va tinchlik tarafdori ekanini ta’kidladi. Biroq u voqealar qanday tus olmasin, Minsk Moskvaning ittifoqchisi bo‘lib qolaverishini bildirdi.

6-iyul kuni «BelTA» nashrining xabar berishicha, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat armiyasini Ukrainaga jang qilish uchun yubormasligiga ishontirgan.

«Yana bir bor ta’kidlayman, hurmatli o‘rtoqlar, sizlarni hech kim bu qirg‘inga yubormaydi. Bizga urush kerak emas. Ukrainada urush bo‘layotgani yomon. Biz masalaning tinch yo‘l bilan hal etilishi tarafdorimiz», — degan Belarus prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus xalqi tinchliksevar va urushni istamaydi, «biroq dushman oldida bosh egish niyatida emas».

6

Lukashenkoning urushga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shilishdan o‘zini tiyishiga iqtisodiy aktivlaridan ayrilish qo‘rquvi ham sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. 19-iyun kuni prezident Zelenskiy Ukraina Belarusning neftni qayta ishlash zavodlariga (NQIZ) zarba berishi mumkinligiga sha’ma qildi. Katta ehtimol bilan, gap Mozir va Novopolotskdagi ikkita obyekt haqida ketmoqda. Bu zavodlar respublika uchun asosiy yoqilg‘i manbai bo‘libgina qolmay, hozirgi kunda Rossiyaning qo‘shni hududlarini ham amalda yoqilg‘i bilan ta’minlamoqda.

2026 yilning may oyida ushbu ikkita NQIZdan Rossiyaga benzin eksporti o‘tgan yilga nisbatan 13 barobarga oshdi. Bu holat Rossiyaning ba’zi subyektlarida yoqilg‘i taqchilligi kuzatilayotgan bir paytda yuz bermoqda. «The Bell» hisob-kitoblariga ko‘ra, Tatariston yoki Xanti-Mansiysk muxtor okrugi kabi neft qazib oluvchi boy hududlarni qo‘shib hisoblaganda ham, yoqilg‘i taqchilligidan aziyat chekayotgan subyektlar soni allaqachon 50 dan oshgan.

Rossiya Bosh vazirining o‘rinbosari Aleksandr Novak bu taqchillikni kuchli talab bilan izohlab, ta’minotdagi uzilishlar «bartaraf etilayotganini» ta’kidladi. Biroq G‘arb ommaviy axborot vositalari, xususan, «Reuters» agentligi benzin yetishmovchiligini Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari bilan bog‘lamoqda.

Yoqilg‘i zaxiralari hamda shikastlangan zavodlarni tez fursatda tiklash imkoniyatiga ega bo‘lgan Rossiyadan farqli o‘laroq, Belarusda bunday iqtisodiy resurslar mavjud emas. Shu bois, Ukrainaning Belarusdagi ikkita asosiy neftni qayta ishlash zavodidan biriga uyushtiradigan har qanday hujumi mamlakat iqtisodiyotini inqiroz yoqasiga keltirib, davlatni Rossiya importiga yanada qaram qilib qo‘yishi mumkin.

7

Aleksandr Lukashenkoning bayonotlariga кўрa, Belarusning faol harbiy salohiyati qariyb 70 ming kishini tashkil etadi. Shu bilan birga, u «urush bo‘lgan taqdirda qo‘shimcha safarbarlik hisobiga» mamlakat armiyasi 500 ming kishigacha yetishini aytgan.

Ammo Ukrainaning shimoliy chegarasidagi botqoqliklar, minalashtirilgan maydonlar va mustahkamlangan pozitsiyalar Belarusning hujum salohiyatiga putur yetkazadi. Bundan tashqari, ichki siyosiy xavf-xatarlar Lukashenko uchun halokatli bo‘lishi mumkin: belaruslarning aksariyati urushga qat’iyan qarshi.

Minskning bugungi xatti-harakatlarini mafkura yoki Kremlga bo‘lgan sadoqat emas, balki xavf-xatarlarning shunday sovuqqonlik bilan hisob-kitob qilinishi belgilab bermoqda. Aleksandr Lukashenko kameralar qarshisida kuchli va jangari ritorikani namoyish etadi, biroq vaziyatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mojaro darajasiga yetkazmaslik uchun yon berishni ham yaxshi biladi. Qolaversa, u keskin so‘zlari uchun uzr so‘rashni ham eplaydi: iyun oyining o‘rtalarida Belarus rahbari ukrainalik hamkasbidan unga nisbatan ishlatgan qo‘pol iboralari uchun kechirim so‘ragan.

Minsk amaldagi iqtisodiy modelni va Lukashenkoning hokimiyat tizimini saqlab qolish maqsadida bundan keyin ham urushga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashmaslikka harakat qilishi ehtimoli juda yuqori. 

Teglar

Mavzuga oid

«Ikki o‘t orasida»: Lukashenko Putinning urushiga qo‘shilishdan qochmoqda | Vaqt.uz