add

Ilon Mask dipfeyk mojarosi tufayli «Grok»da tasvir yaratishni chekladi

Kecha 09:312 daqiqa

Ilon Maskka tegishli «xAI» kompaniyasi «Grok» chat-botida tasvir yaratish funksiyasini bepul foydalanuvchilar uchun yopdi, qaror dipfeyk mojarosi ortidan qabul qilindi.

Ilon Mask dipfeyk mojarosi tufayli «Grok»da tasvir yaratishni chekladi

Ilon Maskka qarashli «xAI» kompaniyasi «X» ijtimoiy tarmog‘ida ishlaydigan «Grok» chat-botida tasvir yaratish va tahrirlash funksiyasini bepul foydalanuvchilar uchun chekladi. Endi ushbu imkoniyat faqat pullik obunachilar uchun ochiq bo‘ladi. Bu qaror sun’iy intellekt orqali ommaviy ravishda dipfeyk va shahvoniy kontent yaratilayotgani haqidagi keskin tanqidlardan so‘ng qabul qilindi.

«Grok» foydalanuvchilarga real insonlarning suratlarini tahrirlab, ularni yalang‘och yoki yarim yalang‘och ko‘rinishda aks ettirish imkonini bergan. Bunda suratdagi shaxslarning roziligi talab qilinmagan. Ayrim holatlarda bolalar tasvirlari ham noqonuniy va axloqan og‘ir kontentga aylantirilgani haqida xabarlar tarqalgan.

Bu holat Yevropa davlatlarida keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Yevropa komissiyasi bunday tasvirlarni noqonuniy va «dahshatli» deb baholagan. Germaniyaning media vaziri Volfram Vaymer ushbu holatni «jinsiy zo‘ravonlikning sanoatlashuvi» deb atagan. Buyuk Britaniyaning shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha regulyatori esa platforma qonun talablariga qay darajada rioya qilayotgani yuzasidan izoh talab qilgan.

«Reuters» jurnalistlari tekshiruv sifatida «Grok»dan suratni bikinidagi tasvirga aylantirishni so‘ragan. Chat-bot bu so‘rovni rad etib, tasvir yaratish funksiyasi faqat pullik foydalanuvchilar uchun ekanini bildirgan.

Shu bilan birga, «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, «Grok»ning «X» platformasidan mustaqil ishlaydigan alohida ilovasi orqali hali ham obunasiz tasvir yaratish mumkin.

Mutaxassislar fikricha, bu qaror sun’iy intellekt sohasida tartibga solish masalalari yanada keskinlashib borayotganidan dalolat beradi. Yaqin kelajakda yirik texnologiya kompaniyalari kontent xavfsizligi va axloqiy me’yorlar bo‘yicha qo‘shimcha cheklovlar joriy etishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid